Buxoro yangiliklari
Buxorolik 11 yoshli qiz IELTS imtixonida 7 ball oldi

Buxoro shahridagi 29-IDUM ning 5-sinf o‘quvchisi Sabrina Nurillayeva til bilish darajasini belgilovchi xalqaro IELTS imtihonda ishtirok etib, 7 balni qo‘lga kiritdi. Bu natija bilan u xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan respublikadagi eng yosh o‘quvchi sifatida e’tirof etildi.
Ilk maktab yoshidan ingliz tilini chuqur o‘rganishga kirishgan Sabrina 2021- hamda 2022-yilda “Hippo” ,”WWC”, “Spelling Bee”, “AMC” kabi xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
– Sabrina juda erta til chiqargan, 2 yoshida 100 dan ortiq she’rni yoddan bilardi, 4 yoshida savod chiqardi, 8 yoshida ingliz va rus tillarida bemalol muloqot qila olardi, – deydi onasi Surayyo Ro‘ziyeva. – Qizimning ayni damda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarida alohida xizmatlari singgan ingliz tili fani o‘qituvchilari Shohida Sirojeva hamda Hilola Mustafayevalarga minnatdorchilik bildiraman.
Kelajakda shifokor bo‘lishni maqsad qilgan Sabrina ayni damda ingliz tili qatorida kimyo hamda biologiya fanlarini ham chuqur o‘zlashtirishga kirishgan. Kelajak sari ishonch bilan shahdam qadam tashlayotgan bu tirishqoq va iqtidorli qizaloqqa omad tilaymiz!