Buxoro yangiliklari
Qorako‘l hokimi uyda ta’lim olayotgan o‘quvchilar holidan xabar oldi

Har bir bola mehr va e’tiborga muhtoj…
Mamlakatimizda imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi va jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.
Buning yaqqol isboti sifatida esa, kuni kecha Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirovning tegishli mas’ullar hamrohligida uyda ta’lim olayotgan o‘quvchilar xonadoniga tashrif buyurib, ular holidan xabar olganini keltirishimiz mumkin.
Romitan tumani hokimligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, shu kuni hokim uyda ta’lim oluvchi bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ajratilgan o‘quv darsliklari va jihozlar bilan ta’minlanganlik holatini ko‘zdan kechirgan hamda o‘quvchilarga badiiy kitoblar, o‘quv qurollari va esdalik sovg‘alari topshirgan.
Tuman rahbari xonadonlardagi o‘quv jarayonlari bilan tanishar ekanlar, bolajonlarning orzu-istaklari, kelajakdagi maqsadlari bilan ham qiziqqan, murg‘ak qalb egalarining keyingi taqdiri va ularga tibbiy ko‘mak berish ishlarini shaxsan nazoratga olishini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Qorako‘l tumanidagi umumta’lim maktablarida ayni paytda jami 84 nafar yakka tartibda ta’lim oluvchi o‘quvchilar mavjud.