Buxoro yangiliklari
4 500 000 so‘mlik subsidiya olmoqchimisiz?

Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2022-yil 1-oktabrdan boshlab:
– kasanachiga zarur asbob-uskuna xarid qilish uchun tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan subsidiya miqdori amaldagi BHM ning 10 baravaridan 15 baravarigacha (4,5 mln) oshiriladi;
– Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida hududlarda har yili bir marotaba har birining qiymati 50 000 000 so‘m bo‘lgan loyihalar tanlovini o‘tkazadi;
– yangi ish boshlayotgan kasanachilar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish va takomillashtirish hamda ularga uslubiy yordam berish uchun xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan lider kasanachilarni jalb etgan holda o‘quv kurslari tashkil etiladi;
– “Ayollar daftari”ga kiritilgan kamida 5 nafar ishsiz xotin-qizlarni kasanachilik asosida ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat mulkidagi bino va inshootlarni ijaraga olishda ijara haqi 50% miqdorda undiriladi;
– ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritayotgan va xodimlari umumiy sonining kamida 70% “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizlar bo‘lgan kasanachilikni tashkil etgan va imtiyoz berilgan davrda ularning bandligini saqlab qolgan tadbirkorlik subyektlari davlat mulkidagi bino va inshootlar uchun ijara haqi to‘lovidan 2027-yil 1-oktabrga qadar ozod etiladi.