Buxoro yangiliklari
Buxoro tumanida “Polygon Ushu Arena” sport zali ochildi – foto

Bugungi kunda mamlakatimizda aholini, jumladan yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb qilish borasida keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda, hududlarda zamonaviy sport majmualari, turli xil sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport zallari, suzish havzalari va fitness klublari qad rostlamoqda.
Jumladan, kuni kecha Buxoro tumaning “Xonabod” mahallada an’anaviy ushu sport turi bo‘yicha barcha qulayliklarga ega bo‘lgan “Polygon Ushu Arena” sport zalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Xayrillo Jo‘rayev, O‘zbekiston An’anaviy ushu assotsiatsiyasi Buxoro viloyat bo‘limi raisi Sharif Sharipov, sportchi yoshlar va boshqalar ishtirok etishdi.
Buxoro tumani hokimligi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, zalda 200 nafardan ziyod turli yoshdagi o‘g‘il-qizlar ushuning sir-asrorlarini tajribali murabbiylardan o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Mahalliy tadbirkorlarning homiylik mablag’lari hisobiga tashkil etilgan mazkur sport zali fitness to‘plami, tatami va jangavor sport bilan shug‘ullanish uchun boshqa kerakli anjomlar bilan jihozlangan bo‘lib, mahalla yoshlarining sport bilan shug‘ullanishlari uchun yana bir turtki vazifasini o‘taydi.