Buxoro yangiliklari
Buxoro davlat universitetida Volontyorlik markazi ochildi

Joriy yilning 17-oktabr kuni Buxoro davlat universitetida Volontyorlik markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Yoshlar ishlari agentligi xodimlari, O‘zbekiston Volontyorlar assotsiatsiyasi vakillari, yoshlar ittifoqi yetakchilari, talabalar va OAV ishtirok etishdi. Tadbirni Buxoro davlat universiteti birinchi prorektori A. Amonov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng, mutaxassislar tomonidan yoshlarga O‘zbekiston Respublikasining “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida” gi qonunining mazmun-mohiyati, volontyorlik faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ushbu markazni boshqaruvchi koordinator etib, universitetning 3-bosqich talabasi Rustamjon Rahimboyev saylandi.
Tadbir so‘ngida talabalarning savol va takliflari tinglanib, ularga zarur maslahatlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida, R. Rahimboyev 2021-yilda “Yil talabasi” universitet bosqichi g‘olibi, “Ilm-fan sohasidagi xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni sohibi hamda Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi “Yosh maslahatchilar” kengashi Buxoro viloyati vakili hisoblanadi.