Buxoro yangiliklari
Tez orada Buxorodan Indoneziya poytaxti Jakartaga to‘gridan-to‘g‘ri aviareys qo‘yilishi mumkin

Indoneziyada O‘zbekiston Transport vazirligi hamda Indoneziyaning «Garuda Group» aviakompaniyasi prezidenti va bosh direktori Irfan Setiaputra bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari va istiqbollari muhokama etildi. Xorijiy aviakompaniya vakillariga so‘nggi yillarda mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston sayyohlik kompaniyalari tomonidan “Jakarta – Buxoro – Jakarta” yo‘nalishida muntazam aviaqatnovni tashkil etish taklif etildi.
Unda shuningdek, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi rahbariyati va mamlakatimiz sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirok etishdi.
«Garuda Group» kompaniyasi rahbariyati mazkur taklifning iqtisodiy samaradorligini baholash maqsadida birinchi navbatda bozor va mavjud talabni o‘rganish uchun charter qatnovlarini tashkil etishni ko‘rib chiqishni ma’lum qildi.