Buxoro yangiliklari
Buxorolik komik Shahboz Sattorov: “Mardikor bozorida oʻtirib, ssenariy yozib turardim” – video

Bloger Shahboz Sattorov intervyusida bugungi kunga yetib kelishi oson boʻlmagani haqida gapirdi. U Toshkentga kelib, ish topib ishlari yurishib ketishiga ishonganini, lekin “moyka”da ham ishlay olmay ketib qolgani haqida aytdi.
“Buxorodan vokzalga kelib tushganimda, bir avtobusga oʻtirib, birinchi Toshkentni tomosha qilganman. Kinolarda koʻrgandim, daraxtlarda eʼlonlar yopishtirilib qoʻyishi va men ham kelsam ish topib, zoʻr boʻlib ketaman, – deb oʻylaganman. Yolgʻon ekan, buni keyin bildim. Aylanib-aylanib Zangiota tumani tomonlarga borib tushdim, keyin “moyka”ga koʻzim tushdi. Shu joyga borib, meni ishga olishlarini soʻradim. Ular oldin ham “moyka”da ishlaganimni soʻrashdi. Men esa ulardan sinab ko‘rishlarini iltimos qildim. U yerning oʻzida yotoq joyning borligi menga juda maʼqul keldi. 15 kuncha ishladim, lekin ishi juda qiyin ekanligi sabab – ketib yubordim”, – deydi bloger.
Shahboz Sattorov oʻz sevgan kasbiga yetishish uchun koʻplab qiyinchiliklarni boshidan kechirganini aytadi. Uning aytishicha, hatto mardikorlik qilishiga ham toʻgʻri kelgan.
“Parkent dehqon bozorida mardikor bozori bor, oʻsh yerda 2 oycha ishlaganman. Va buni hech kimga bildirmasdim. Mardikor bozorida ishlab turib, har haftada “Zoʻr TV” ga borardim. Mardikor bozorida turib, ham ssenariy yozardim. “Ertaga borishim kerak, qanaqa chiqish qilsam ekan”, – deb oʻylardim hatto”, – buxorolik deydi Shahboz Sattorov.