Jahon

Sil kasalligiga chalinish holatlari ortib bormoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, dunyoda sil kasalligining dorilarga chidamli turi ko‘payishi kuzatilmoqda.

Xususan, o‘tgan yili Yer yuzida 10 600 000 nafarga yaqin kishi ushbu xastalikka chalingan. Bu 2020-yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 4,5% ga ko‘pdir. Eng yomoni, tuberkulyoz oqibatida 1,6 million nafar bemor hayotdan ko‘z yumgan.

Xalqaro ekspertlar fikricha, o‘sish tendensiyasi pandemiya oqibatlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ya’ni COVID-19 avj olgan davrda aksariyat mamlakatlarda sil kasalligini aniqlash va davolashga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari koronavirus muolajasi bilan band bo‘ldi.

Oqibatda ko‘p yillardan beri kuzatilmagan holat – tuberkulyozni yuqtirganlar soni oshishi qayd etildi. Jumladan, 2021-yilda sil xastaligining rifampisin preparatiga chidamli turi 450 000 nafar bemorda aniqlandi. Bu ham 3% lik o‘sish ko‘rsatkichidir.

Ma’lumot o’rnida, tuberkulyoz erta bosqichda aniqlanmasa, bemor yil davomida 10-15 kishiga bu xavfli infeksiyani yuqtirishi mumkin. Shu sababli ham Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2035-yilgacha tuberkulyozdan o‘lim ko‘rsatkichlarini 95% ga kamaytirishga doir strategik maqsadni qabul qilgan.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version