Buxoro yangiliklari
Buxoro aeroporti orqali toʻpponcha olib kirmoqchi boʻlgan fuqaro voqea joyida ushlandi

Kuni kecha “Buxoro xalqaro aeroporti” orqali viloyatimiz hududiga pnevmatik qurolni olib kirishga uringan fuqaro bojxona postida toʻxtatib qolindi, deya xabar bermoqda Buxoro viloyati Bojxona boshqarmasi matbuot xizmati.
Unda aytilishicha, “Sheremetyevo (Moskva, Rossiya Federatsiyasi) – Buxoro (Buxoro, Oʻzbekiston Respublikasi)” aviareysi orqali uchib kelgan fuqaro X. J. bojxona nazoratining “yashil yoʻlagi” dan oʻtayongan paytida shubha uygʻotganligi sababli, tegishli bojxona nazoratidan oʻtkaziladi.
Natijada, yoʻlovchi bojxona deklarastiyasida yozib koʻrsatilmagan va ogʻzaki soʻrovda ham ma’lum qilmagan “PM49” rusumli pnevmatik sport quroli, mazkur qurolning gaz baloni va 500 dona metall sharikli o‘qlari borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasining “Qurol toʻgʻrisida” gi Qonuniga muvofiq, qurol va uning oʻq-dorilari muomalasiga belgilangan cheklovlar mavjudligi sababli, bojxona organlari chegara orqali mazkur vostialar harakatlanishi ustidan ham bevosita nazoratni amalga oshiradi.