Islom

Payg‘ambar alayhissalom: “Musulmon musulmonni qo‘rqitmaydi”

Bir davrada yoshi keksa otaxonlar bugungi yoshlarning bemaza odatlaridan shikoyat qilishdi. Alalxusus, koʻpchilik velosiped va avtomobillariga ovoz kuchaytirgichlar o‘rnatib, ko‘chalarda tentirab, atrofdagilani ozorlab yurishyapti. Nasihat qilsak, “Yo‘l siznikimi?” degan maʼnoda nomaqul gaplarni gapirishadi. Axir ko‘chada yosh bor, qari bor, sog‘ bor, kasal bor. Bexavotir borayotgan odam bevosdan bo‘lgan chinqiriqdan o‘ziga kasal orttirib olishi mumkin.

Azizlar, Alhamdulillah musulmonlik davoyimiz bor. Hech bo‘lmasa, dinimiz odoblarini avval o‘zimiz o‘rganaylik. Farzandlarimizga nasihat qilib o‘rgataylik.

Payg‘ambar alayhissalom “Musulmon musulmonni qo‘rqitmaydi”, – deydilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Qiziq, boshqalarni cho‘chitib, bunday kishilar nima rohat, nima foyda topisharkin? Yoki o‘zini ko‘rsatish, boshqalardan ustun ekanini isbotlash yo‘limikan bu?

Eng yomoni, dinimiz islomda bunday qiliqlar keskin qoralanadi: Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Kim bir mo‘minni qo‘rqitsa, Allohga, uni qiyomat qo‘rqinchlaridan omonda qo‘ymaslik haqqi bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Qiyomatdagi bunday holatdan Alloh panoh bersin. Farzand tarbiyasi yo‘lida masʼuliyatni unutmaylik!

Muallif: Jondor tumanidagi “Qiz Bibi” jome’ masjidi imom-xatibi.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version