Islom
Tahorat vaqtida oyog‘ini sovun bilan yuvgan banda sirot ko‘prigidan o‘tayotganda sirpanishi rostmi?

Savol: Tahorat vaqtida oyog‘ini sovun bilan yuvgan banda sirot ko‘prigidan o‘tayotganda sirpanishi haqida eshitib qoldim. Bu haqida diniy manbalarimizda nima deyilgan?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Qiyomat kunidagi holatlarni dinimizda “sam’iyot”, deb ataladi. Ular faqat eshitish orqali bilinadigan ma’lumotlar bo‘lib, “sirotda oyog‘i sirpanadi” deyish uchun kamida siz aytgan ma’noda sahih hadis bo‘lishi kerak. Ya’ni, qiyomatdagi holatlarni faqat Qur’on oyatlari va sahih hadislardan bilib olish mumkin. Boshqa hech kim o‘zicha bu mavzuda gapira olmaydi. Gapirsa ham, e’tiborga olinmaydi.
Tahoratdan maqsad poklik bo‘lgani uchun, unda tozalik vositalaridan foydalanish joiz. Bu vositalardan foydalanishni Payg‘ambarimiz alayhissalom man qilmaganlar. Aksincha fiqhiy kitoblarimizda hatto, mayyitni yuvayotganda sovun, shampun kabi tozalik vositalarga ehtiyoj tushsa, ishlatish joizligi aytiladi. Vallohu a’lam.