Buxoro yangiliklari
Afandi hangomalarini endi UNESCO targʻib qiladi

Marokash davlatining Rabot shahrida bo‘lib o‘tgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitaning 17-sessiyasi Oʻzbekiston uchun muhim madaniy voqea boʻldi. Sababi, ikkita ko‘pmillatli element UNESCO ning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.
Oʻzbekiston tomoni dastlab qoʻmita aʼzolariga Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan birgalikda tayyorlangan “Ipakchilik va to‘quv uchun an’anaviy ipak ishlab chiqarish” nomli birinchi fayl taqdim etdi. Ikkinchi nominatsiya “Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash an’analari” deb nomlangan bo‘lib, O‘zbekiston delegatlari uni Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan hamkorlikda tayyorlagan.
Qo‘mitaning baholash komissiyasi xulosasi bilan taqdim etilgan prezentatsiyalar ro‘yxatga kiritish uchun barcha mezonlarga muvofiq deb topildi.
Ta’kidlash kerakki, Reprezentativ roʻyxatga kiritilgan Oʻzbekiston elementlarining umumiy soni 11 taga yetdi. Ilgari bu roʻyxatga “Baxshi”, “Lazgi”, “Palov”, “Askiya”, “Miniatyura”, “Navroʻz”, “Shashmaqom” va boshqalar kiritilgan edi.
Ma’lumot uchun, endi yangi elementlar xalqaro miqyosda butun insoniyat merosining ajralmas qismi sifatida tavsiflanadi va bu nomoddiy madaniy merosning ushbu turlarini e’tirof etish va keng targ‘ib qilishni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi. Oʻz navbatida, UNESCO ushbu elementlarni turli loyihalarni amalga oshirish orqali targ‘ib qiladi.