Hodisalar
Ukrainaning Qozogʻistondagi elchixonasi ichida bomba borligi haqida xabarlar tarqaldi

Qozoq politsiyasi mamlakat poytaxti Ostonadagi Ukraina elchixonasiga oʻrnatilgani taxmin qilingan portlovchi qurilma haqidagi xat muallifini qidirmoqda. Bu haqida Qozogʻiston IIV xabar berdi.
“– 1-dekabr kuni soat 17:50 da Ukraina elchixonasi konsuli politsiya bilan bogʻlanib, soat 15:08 da elektron pochta orqali binoda bomba borligi haqida xat kelganini aytdi. Bu Esil tumani IIB maʻlumotlar reyestrida qayd etilgan”, – deyiladi xabarda.
Hodisa joyiga zudlik bilan yetib borgan maxsus xizmatlar xodimlari yuqoridagi binoda tekshiruv oʻtkazishgan. Lekin portlovchi moslamalar topilmagan.
Respublika IIV matbuot xizmatiga koʻra, hozirda voqeaga aloqador shaxslar qidirilmoqda.
Bundan avvalroq Ukrainaning Ispaniya poytaxti Madriddagi elchixonasida portlash yuz bergandi va buning oqibatda diplomatik missiya xodimlari yengil tan jarohati olishgandi.