Buxoro yangiliklari

Buxorodagi “zapravka” larda avtobuslarning alohida yoʻlakdan yoqilgʻi olishi yoʻlga qoʻyildi

Kuni kecha Buxoro viloyatida joylashgan gaz toʻldirish shaxobchalari ish faoliyatiga oʻzgartirish kiritilib, ular kuniga 5 soat xizmat koʻrsatishi haqida maʼlumot bergan edik. Koʻpchilik buning oqibatida jamoat transporti, xususan avtobuslarning yoʻl kirasi oshishini taxmin qilgan edi. Sababi, yoqilgʻi quyishda navbati kelmagan haydovchi oʻz yoʻnalishida yoʻlga chiqa olmaydi, qolaversa, viloyat boʻyicha avtomashinalar miqdori ham salmoqli boʻlgani uchun navbat choʻzilib ketishi mumkin. Navbatda turib charchagan haydovchilar ham narxlarni oshishini xohlashi ehtimoli bor edi. Xullas, shularga oʻxshash boshqa faktorlar ham yoʻlovchilar kisasiga zarar yetkazishi hech gap emas.

Buxoro viloyati Transport boshqarmasi haydovchilar hamda yoʻlovchilarning kundalik ish faoliyatini buzmaslik, mamlakatimiz energetika tizimida yuzaga kelgan muammolarning oqibatlarini kamaytirish uchun bugun, 6-dekabr kuni erta tongdan boshlab gaz to‘ldirish stansiyalarida jamoat transportlari uchun alohida yo‘lak orqali gaz to‘ldirilishini yoʻlga qoʻyishdi.

Maʼlumot uchun, gaz to‘ldirish stansiyalarida yuqoridagi boshqarma xodimlarining alohida navbatchiligi tashkil etilgan bo‘lib, xodimlarga har kuni soat 05:00 dan boshlab jamoat transportlarining gaz to‘ldirish stansiyalariga yetib kelishini va muammosiz gaz to‘ldirilishini ta’minlash vazifasi qoʻyilgan.

Asosiy maqsad esa jamoat transportlarining gaz to‘ldirish stansiyalarida navbatda turib qolishini oldini olish va yo‘nalishlarda qatnovlar uzluksizligini ta’minlashdan iborat.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version