Buxoro yangiliklari
18-dekabrdan boshlab Buxorodagi “metan zapravka” lar soat 15:00 gacha ishlashi rostmi?

Buxorodagi metan gaz quyish shahobchalari uchun endilikda ertalab soat 07:00 dan 15:00 gacha ishlash tartibi joriy etildi. Bu haqda “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti ma’lum qildi.
Gaz ta’minoti filiali e’lon qilgan rasmiy xabarning to‘liq matni quyidagicha:
“Hurmatli iste’molchilar, joriy yilning 18-dekabr kunidan boshlab, AGQKSH (avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobcha) lari o‘z ish faoliyatini soat 7:00 dan to 15:00 ga qadar olib boradi”, –deyilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3-dekabr kunidan boshlab respublikamizning deyarli barcha viloyatlarida “metan zapravkalar” da, jumladan Buxoroda ham ish vaqtiga cheklov joriy etilib, byudjet tashkilotlari avtomashinalari uchun 2023-yilning 1-martgacha metan gazida yurish taqiqlangandi. Bu aholiga tabiiy gaz bosmining tushib keltishini oldini olish va xonadonlarni belgilangan me’yorlar asosida gaz yetkazib berish uchun qilingan edi. Bunga sabab esa ob-havo sovub, aholining gaz va elektrga bo‘lgan ehtiyoji oshgan, energetika tizimi esa bunga bardosh berishga qiynalib qolgan edi.
Buning oqibatida esa avtomobillarga gaz quyish shahobchalari oldida ko‘plab navbatlar vujudga kelgandi. Bir muddat o‘tib ularning ishlashiga biroz yengillik berilgandi, endi 18-dekabrdan boshlab haydovchilar uchun yanada qulaylik yaratilmoqda.