Özbekiston
Samarqandda shamollashga qarshi dori ichgan bir necha bola vafot etgani rostmi?

Bugun, 22-dekabr kuni internetda Samarqand shahridagi dorixonalardan xarid qilingan “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalarini qabul qilgandan so‘ng bemorlarda turli nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani va buning oqibatida 1 oy ichida 15 ta bola vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ayni damda ushbu vaziyatni Sogʻlikni saqlash vazirligi nazoratga olib, bemorlar ahvolini o‘rganish va holat sabablarini aniqlash maqsadida tezkor mutaxassislar guruhini tuzdi. Uning tarkibiga vazirlik, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi xodimlari, bolalar nefrologi, pediatr kabi malakali mutaxassislar kiritildi. Ular har bir gumon qilingan bemor bola anamnezi bo‘yicha chuqur tahlil o‘tkazmoqda.
Samarqanddagi dorixonalardan xarid qilingan Hindistoning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli “Dok-1 Maks” tabletka shuningdek, limon va asal ta’mli sirop dori vositalari o‘rnatilgan tartibda ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Laboratoriya tahlillari yakunlangach, uning natijalari haqida e’lon qilinadi.
Ushbu dori vositalarining yurtimizdagi savdosi 2022-yil 22-dekabrdan vaqtincha to‘xtatildi va bu haqda uning Oʻzbekistondagi distribyutori – “Quramax Medical” MChJ tomonidan realizatsiya qilingan tashkilotlarga xabar yuborildi.