Jahon
Rossiyada “Amina” musulmon qo‘g‘irchog‘i savdoga chiqarildi

«Moya Amina» musulmon qo‘g‘irchog‘i Rossiyaning Tatariston Respublikasida savdoga chiqarildi. Qayd qilinishicha, qo‘g‘irchoq xavfsiz plastmassadan tayyorlangan, hidsiz plastik, bo‘yi 43 sm, boshi, qo‘llari va oyoqlari harakatchan, qalin uzun jigarrang sochlari va jigarrang ko‘zlari bor.
Shuningdek, qo‘g‘irchoq Qur’oni Karimning 10 ta surasini, namoz duolarini va Oyat-al-Kursiyni arab tilida, tajvid qoidalariga rioya qilgan holda o‘qishi aytilmoqda. E’londa keltirilishicha, bola qo‘g‘irchoq bilan o‘ynab, sura va duolarni tez yodlab olishi mumkin.
Bundan tashqari, «Amina» qo‘g‘irchog‘i kamtarona, chiroyli, bayramona libosda kiyingan. Qo‘g‘irchoq solingan qutida qo‘shimcha namoz libosi, joynamoz, pushti hamyon, soch cho‘tkasi va oyna borligi ta’kidlangan.
Qo‘g‘irchoq do‘konlarda 900 000 so‘m narxda taklif qilinmoqda.