Buxoro yangiliklari
“Jayron” pitomnigidan 18 bosh turkman qulonlari Mo‘ynoqqa yuborildi

Buxorodan “Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qo‘riqxonasi hududiga turkman qulonlari qo‘yib yuborish uchun jo‘natildi, – deya xabar bermoqda Buxoro viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati.
“Jayron” pitomnigi hududida turkman qulonlari soni maksimal darajaga yetganligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tavsiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga asosan, turkman qulonlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga ko‘chirish belgilandi.
Shunga asosan, kuni kecha, aniqrog‘i joriy yilning 26-dekabrida 18 bosh qulonlar “Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qo‘riqxonasi hududiga qo‘yib yuborish uchun jo‘natildi. Yana 109 bosh turkman qulonlarini ko‘chirish ishlari esa 2023-yilning I- va IV-choraklarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.