Jahon
Qozog‘istondagi ommaviy tartibsizliklarga yil davomida maxfiy tayyorgarlik olib borilgan

Qozog‘istondagi 2022-yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklarga yil davomida to‘liq tayyorgarlik ko‘rilgan. Bu haqda respublika bosh prokurori Berik Asilov ma’lum qildi.
“– Butun 2021-yil davomida radikal harakatlarni amalga oshirish uchun maxfiy tayyorgarlik olib borilgan. Tashkilotchilar orasida uyushgan jinoiy guruhlar bo‘lgan. Ular odamlar, qurollar to‘plagan, ratsiyalar va transport vositalarini sotib olgan. Tergov davomida kuch ishlatar tizimning alohida vakillari ularga yordam bergani aniqlandi”, – degan bosh prokuror parlamentning quyi palatasidagi chiqishida.
Berik Asilov yanvar voqealari davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinish bo‘lganini ta’kidlagan. Shuningdek, Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Karim Masimov va uning sobiq o‘rinbosari Anuar Sadikulovlarga qarshi jinoyat ishi sudga taqdim etilganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 2-yanvar kuni Qozog‘istonga suyultirilgan gaz narxi oshirilishiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Bir necha kun ichida iqtisodiy talablardan siyosiy talablarga o‘tildi va mamlakatda tartibsizliklar boshlandi.