Buxoro yangiliklari
Buxoroda jaziramada bug‘doyzorga tashlab ketilgan bolaning onasi topildi

Avval xabar berganimizdek, G‘ijduvon tumani IIB tomonidan joriy yilning 22-iyul kuni taxminan soat 09:20 larda G‘ijduvon tumani “Ko‘lijabbor” mahallasi, “Ko‘hna Nayman” qishlog‘ida joylashgan “Shukur To‘xta” fermer xo‘jaligi dala shiyponida shaxsi nomaʼlum yoshi taxminan 8-11 oylik chaqaloqning tashlab ketilganligi to‘g‘risida maʼlumot berilgan edi.
Buxoro viloyati IIB, hududiy ichki ishlar organlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor qidiruv va tergov harakatlari davomida chaqaloqning 2022-yil yanvar oyida tug‘ilgan Narzullayeva Muslima ekanligi va onasining shaxsi aniqlanib, tergov organiga topshirildi.
Hozirgi kunda G‘ijduvon tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25/117-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishida shaxsning shaʼni, qadr qimmati va oilaviy sirlari bilan bog‘liq holatlar mavjud bo‘lganligi sababli tergov yakuni bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot beriladi.