Salomatlik
Suvni ikki marta qaynatish mumkin emasligi qanchalik rost?
Suvni qayta qaynatib bo‘lmasligi haqida internetda turli vahimali gaplar yuradi: go‘yoki suv qayta qaynatilganda undagi deyteriy (“og‘ir” suv) konsentratsiyasi ortadi, nitratlar zaharga aylanadi, tuzlar esa organizmni ifloslantiradigan darajada to‘planib qoladi. Bir qarashda bu gapda mantiq bordek. Ammo keling, sog‘lom aql bilan o‘ylab, raqamlarga yuzlanaylik. Daryo sharhi shu haqda.
Aslida olimlar nima deydi?
Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining Terapiya va profilaktik tibbiyot milliy tadqiqot markazi laboratoriyasi mudiri Sofya Yelyashevich shunday deydi:
Suvni qayta qaynatishdan qo‘rqish kerak emas. Oddiy suv tarkibida “og‘ir” suv (deyteriy oksidi) ulushi haqiqatan ham bor. Ammo uning miqdori shu qadar ozki, hatto o‘n marta qaynatilgandan keyin ham organizmingizga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu umuman imkonsiz — shunchaki uning konsentratsiyasi juda past.
Tuzlar ham shunday. To‘g‘ri, qaynatilganda suvning bir qismi bug‘lanib ketadi, tuzlar esa qoladi. Lekin ularning konsentratsiyasini xavfli darajaga olib chiqish uchun choynakdagi suvni deyarli qurib qolguncha qaynatish kerak.
Xo‘sh, nitratlar-chi?
Eng keng tarqalgan xavotir — zaharli birikmalarning hosil bo‘lishidir. Rossiyalik epidemiolog hamda infeksionist Vadim Pokrovskiy suv qaynatilganda dioksinlar paydo bo‘lishi haqidagi gaplarni safsata deb ataydi. Gap shundaki, bu moddalar hosil bo‘lishi uchun suvning 100°C da oddiy qaynashi emas, balki yonish harorati (200 daraja va undan yuqori) zarur.
Nitratlarga kelsak, Frezenius instituti (Germaniya) tadqiqotchilari suvni bir necha marta qaynatganda ham unda hech qanday xavfli modda hosil bo‘lmasligini tasdiqlashdi. Eng ko‘pi bilan uning ta’mi o‘zgarishi mumkin. Suvdan erigan kislorod chiqib ketgani sababli uning ta’mi “yangiligini” yo‘qotishi mumkin. Ammo bu sog‘liq uchun mutlaqo xavfsizdir.
Veysman nomidagi Fan va ta’lim instituti (Isroil) mutaxassislari bu mavzuda maxsus tadqiqot o‘tkazdi. Ularning xulosasiga ko‘ra, qayta qaynatish orqali mishyak yoki nitratlarning xavfli dozasini olish uchun 15 litr suvni bir stakan holiga kelguncha bug‘lantirish kerak bo‘ladi. Vaholanki, biz choynakdagi suvni atigi 2-3 marta qaynatib, bir necha millilitr bug‘ni yo‘qotamiz, xolos.
Qachon ikki marta qaynatgan ma’qul?
Ajablanarlisi shundaki, ba’zi hollarda suvni qayta qaynatish nafaqat zararsiz, balki zarur hamdir. Agar suv choynakda bir sutka yoki undan ko‘proq vaqt turib qolsa, unda mikroorganizmlar ko‘payishi mumkin. Bu, ayniqsa, yilning issiq fasllarida muhim ahamiyat kasb etadi. Bir martagina qayta qaynatish barcha “chaqirilmagan mehmonlar”ni yo‘q qilib, suvni yana ichish uchun xavfsiz holga keltiradi.
Yagona real xavf
“Roskachestvo” mutaxassislari ogohlantiradigan narsa — bu choynak materialidir. Agar choynagingiz past sifatli plastmassadan yasalgan bo‘lsa, qayta-qayta qizdirilganda u suvga formaldegid chiqarishi mumkin. Lekin bu yerda muammo suvda emas, balki ishlab chiqaruvchining tejamkorligida. Shisha yoki sifatli metalldan yasalgan choynaklardan foydalaning, shunda hech qanday muammo bo‘lmaydi.
Xulosa oddiy: suvni qancha kerak bo‘lsa, shuncha marta qaynating. Kecha qaynagan suvni ham bemalol gazga qo‘yavering — hech qanday “o‘lik” yoki zaharli suv hosil bo‘lmaydi. Yangi suv qo‘shmasdan o‘ninchi marta qaynatayotgan bo‘lsangiz, faqat ichimlikning ta’migagina putur yetishi mumkin.
-
20.08.2022Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


