Mashhurlar

Asli kasbi biolog, sobiq pedagog, tajribali dehqon va komik Umid Umarov haqida

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

“Bravo” kulgi jamoasi a’zosi, sobiq pedagog, qiziqchi va shu bilan birga kattagina yerning fermeri Umid Umarov 2026-yilda 45 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan Daryo san’atga o‘zi kutmagan holda kirib qolgan so‘z ustasining hayoti va ijodiy faoliyatiga nazar soldi.

“Qishloqning eng baxtli bolasiman”

Umid Umarov 1981-yili Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida o‘qituvchi xonadonida dunyoga kelgan. U baxtli o‘tgan bolaligi haqida hamisha to‘lqinlanib gapiradi.

— Oilada to‘rt o‘g‘ilmiz, otam rahmatli o‘qituvchi, onam esa bog‘cha tarbiyachisi bo‘lgan. Ammo biroz ulg‘ayib qolganimizdan keyin onam ishdan ketishga va bizning tarbiyamiz bilan shug‘ullanishga qaror qilgan. Juda sho‘x, yerga ursa osmonga sapchiydigan bola bo‘lganman. Ammo hech qachon mehnatdan qochmasdim. Uyimizda katta uzumzor bor edi. U yerda ham ishlardik, qo‘shimchasiga baliq va chorva mollarini boqish bilan ham shug‘ullanardik. Qishloqning eng baxtli bolasi bo‘lganman deb maqtana olaman. Mol boqish bahonasida dalaga chiqib, o‘rdak va baliq ovlardik, hatto, ermak uchun ilon ovlagan paytlarimiz ham bo‘lgan, deydi Umid Umarov.

“Otam hech qachon nolimasdi”

Komik otasini xotirlar ekan, uning nihoyatda qanoatli inson bo‘lgani va bolalarini mehnatga o‘rgatgani haqida gapiradi.

— Hozir o‘ylab qarasam, otamning maoshi juda kam bo‘lgan ekan. Ammo uning biror marta noliganini eshitmaganman. Hech tinim bilmaydigan inson bo‘lgan, darsdan keyin dehqonchilik bilan shug‘ullanardi. Shu boisdan ham biz bolalikdan mehnatga o‘rganganmiz. Aka-ukalarim bilan katta uzumzorlarni ham parvarishlash qo‘limizdan kelardi, deydi Umid Umarov.

“Imtihondan ikki yil yiqilganman”

Umid Umarov maktabni tamomlab, universitetga hujjat topshirgani, ammo har gal yetmay qolgan kichik ball sabab o‘qishga kirolmaganini eslaydi.

— Ho‘ja qishlog‘idagi 34-maktabni tamomlab katta orzu-umidlar bilan Toshkentga kelganman. O‘zbekiston Milliy universitetining “Biologiya” fakultetiga hujjat topshirganman. Ammo ikki yil ketma-ket yiqilganman. Ko‘p ball yetmasa ham unchalik alam qilmasdi, bor-yo‘g‘i 2-3 ball mening ikki yil umrimni qaritgan.

“Uchinchi yil ham kirmasam uyat bo‘ladi”, deb Uchko‘prik tumanidagi qayta tayyorlov kursida o‘qishga qaror qilganman. Uchinchi urinishda 13 mingta test savol-javoblarini yodlab o‘sha yili byudjet asosida o‘qishga qabul qilinganman, deydi Umid Umarov.

“Sanʼatkor bo‘lish xayolimda ham bo‘lmagan”

Biolog talabaning qanday qilib sanʼat sohasiga kirib qolgani ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lsa kerak.

— Aslida men sanʼatga qiziqmaganman. Gapirishim oddiy, jaydaricha. Universitetda o‘qiyotganimda “Quvnoqlar va zukkolar” musobaqasi o‘tkazilardi. Fakultet nomidan jamoaga qo‘shilganman. Aslida men nimanidir o‘ylab gapirmayman, o‘zim ko‘rgan, bilgan qishloq odamlarining feʼl-atvorini olib chiqaman. Masalan, ilonga nos chektirardik degan hazilim ham aslida haqiqat. Bolaligimdan bunday nomaqbul ish bilan ham shug‘ullanganman, deydi Umid Umarov.

“17 yil maktabda ishladim”

Umid Umarov 17 yil o‘qituvchilik qilgani va qaysi sabablarga ko‘ra bu sohadan ketishga qaror qilgani haqida gapirdi.

— Biologiya va tabiatdan oqilona foydalanish bo‘yicha mutaxassisman. Ammo bu kasbni tashlab qo‘ydim, shug‘ullanmayapman deyolmayman. Chunki 44 yoshga kirgan bo‘lsam, deyarli 40 yil umrim tabiat bilan uyg‘unlikda o‘tdi. Hozir ham dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanaman. O‘rganganlarim ancha asqatdi.

Universitetni bitirib, maktabga ishga kirganman. Toshkentning Sebzor dahasidagi maktabda 17 yil ishladim. Juda qattiqqo‘l va talabchan bo‘lganman. Tajriba orttirgandan keyin ustozlarning ham davri keladi. Men ham ana shu natijaga erishayotgan paytimda pedagoglikdan ketishimga to‘g‘ri keldi. Faoliyatim sanʼatga burilib ketdi, baʼzan bundan afsuslanaman, deydi Umid Umarov.

“Dehqonchilikning sirlari bor”

Umid Umarov faqat sanʼatning ortidan tirikchilik qilmaydi. Uning katta yer maydoni bor va uning ortidan yaxshigina daromad topadi.

— 60 sotix yer maydonim, 40 sotix issiqxonam bor. Har mavsumda turli ekinlarni ekamiz. Bug‘doy, mosh, makkajo‘xori, handalak, qovun, tarvuz, loviya, kartoshka sarimsoqpiyoz, xullas ekinlarimizning turi ko‘p. Issiqxonaga esa asosan pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri ekiladi. Bog‘imizdan esa sara uzum, shaftoli va bodom mevalari xalqqa yetkaziladi.

image

Dehqonchilikdan topadigan yillik daromadim yomon emas. Urug‘, o‘g‘it, suv, yer ijarasi, ishchi xarajati va texnikalarga sarflangan puldan keyin kamida 120 million daromad topaman. To‘g‘ri, baʼzi yillari zarar ko‘rgan paytlarim ham bo‘lgan. Chunki har sohada bo‘lganidek, dehqonchilik va bog‘dorchilikning ham o‘ziga yarasha sirlari bor, deydi “Bravo” kulgi jamoasi aʼzosi Umid Umarov.

“Men uchun eng katta ayriliq”

Qahramonimiz otasini yo‘qotgandan keyin ruhiy tushkunlikka tushgani va ancha o‘zini qo‘lga ololmagani haqida gapirdi.

— Har bir farzand uchun ota-onasi idealidagi inson bo‘ladi. Onamdan kitobsevarlikni, otamdan esa mehnatkashlikni o‘rganganmiz. Bobur, Sobir, Sardor va Umid deb to‘rt o‘g‘lini yoniga olib, erkak kishi uchun kerak bo‘ladigan hunarlarni o‘rgatgan. Mana hozir baliqchilik bilan ham shug‘ullanaman. Chunki otam 7-8-sinfligimizdan boshlab, kichik hovuzcha qilib, baliq boqishni o‘rgatgandi. Nafaqat men boshqa aka-ukalarimning ham bu borada tajribasi yetarlicha.

Afsuski, 36 yoshimda otamdan ayrildim. Ikki oydan keyin konsert berishimiz kerak edi. Shu qadar ruhiy tushkunlikka tushganmanki, birovni kuldirish tugul, o‘zimni qo‘lga ololmasdim. Bu holat ikki yil davom etdi. Hozir ham otam bilan bog‘liq xotiralarni eslasam, ko‘nglim bo‘shab ketadi, deydi Umid Umarov.

“Million”ning bo‘linishiga nima sabab bo‘lgan?

Umid Umarov bu savolga nihoyat quyidagicha javob berdi.

— Bir so‘z bilan aytganda nafs sabab bo‘lgan. Chunki odamlarga tanilib, to‘ylarga taklif etilishni boshlagandan keyin, har qanday ijodkor soqqa qilib olishim kerak deydi. Ammo bu narsa boshqalarga yoqmagan. “Brendni ushlash kerak, to‘y va konsertlarda chiqilmasin”, degan talab qo‘yilgan. Turgan gapki, bu ayrimlarimizga yoqmagan. Ular guruhni tark etib alohida jamoa bo‘lishni maʼqul ko‘rishgan. Ikki tomon ham o‘zicha haq. Rizqimiz bo‘lak ekan, ketishimizdan hech kim, hatto o‘zimiz ham xursand bo‘lmaganmiz. Shaxsan mening hech kimga adovatim yo‘q, hammalarini hurmat qilaman, deydi Umid Umarov.

“Mirkomil Musayevning ketishi og‘ir taʼsir qildi”

Umid Umarov “Million”ni tark etganlar uchun afsusda ekani, ular bilan bog‘liq xotiralarni ko‘p eslashi haqida gapirdi.

— Inson uchun ilk tarkib baribir qadrli bo‘lib qoladi. Hozirgilarning ham ijodi zo‘r, ammo Mirkomil aka, Alisher yoki Umid bilan bog‘liq yaxshi xotiralarimiz ko‘p edi. Mirkomil Musayev sanʼatni tark etgani, menga juda og‘ir taʼsir qildi. Hatto, xayrlashish uchun ham bormadim. Chunki u inson bilan birga o‘qiganmiz, sanʼatda nimagaki, erishgan bo‘lsak, birgalikda bo‘lgan, deydi Umid Umarov.

“Bravo” tarqaldimi? Jamoa nima sababdan 2025-yilda konsert bermadi?

Guruh a’zosi Ahmad Temurov jamoa bo‘linib ketgani haqida odamlar orasidagi gap-so‘zlarga oydinlik kiritdi.

— “Bravo” jamoasi tarqalmadi. Biz hozirda tanaffus e’lon qilganmiz. Aslida o‘tgan yili konsert qo‘yilishi kerak emasdi, o‘sha vaqtda tanaffusni boshlamoqchi edik. Otabek akam jamoadan chiqmoqchi ekanliklarini aytib qoldilar. O‘zi bizning yo‘nalishda yoshingiz ulg‘aygani sari rollar yoqmasligi, “yo‘q bu to‘g‘ri kelmaydi”, degan fikrlar kelishni boshlar ekan. Menimcha, Otabek akamda shunaqa fikrlar boshlandi. Hozirgi kunda ular kinolar olyaptilar. Keyinchalik ham e’tiborlarini kinoga qaratsalar kerak. Qolgan jamoadoshlarda esa ozroq charchash bor. “Million”dami yoki “Bravo” jamoasida bo‘ladimi farqi yo‘q, 15 yildan beri har yili konsert qo‘yib, sahnada ijod qilib kelinyapti. Shuning uchun baribir charchaydi ekan odam. Xuddi shunday, tomoshabinlar ham sizdan charcharkan. Shuning uchun o‘tgan yili orada pauza qilib turaylik degan maqsad bo‘lgandi. Lekin Otabek aka Mirzaxolov ketaman deganlariga bu yil qo‘yib turaylik, keyingi yildan tanaffus belgilaymiz, deb kelishgandik. Keyingi konsert keyingi yilda qo‘yiladimi yoki undan keyingi yildami, buni hozircha bilmaymiz. Lekin jamoa sindi, ijodni yig‘ishtirdi, degan gaplar yo‘q, deydi jamoa vakili Ahmad Temurov.

“Hech bir ayol ideal emas”

— Bu yil oila qurganimga 20 yil to‘ladi, o‘g‘il-qizlarim ham ulg‘ayib, bo‘yim tengi bo‘lib qolishdi. Hech bir ayol ideal emas, “Mana men zo‘rman” deganining ham o‘ziga yarasha kamchiliklari bor. Hamma gap sabrda va bir-birini qo‘llab-quvvatlashda bo‘lsa kerak. Bo‘lmasa, oila “oila” bo‘ladimi, deydi Umid Umarov.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.