Islom

«Er o‘z ayolini to‘shagiga chaqirsa-yu, u kelishga ko‘nmasa, farishtalar uni tong otguncha la’natlab chiqadilar» – rivoyat

photo 372

Loading

Alloh taolo: «Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar. Soliha ayollar itoatkor va Allohning hifzi-himoyasi bo‘yicha g‘oyib(er)larining muhofazasini qiluvchilardir», dedi (Niso surasi, 34-oyat).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Er o‘z ayolini to‘shagiga chaqirsa-yu, u kelishga ko‘nmasa, farishtalar uni tong otguncha la’natlab chiqadilar» (Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Uch kishining namozi qulog‘idan nariga o‘tmaydi: xojasidan qochgan qul, toki qaytib kelmagunicha; erini (nohaq) g‘azabnok qilgan xotin va qavmi yomon ko‘rgan imom», dedilar» (Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilishgan).

Husoyn ibn Muhsondan rivoyat qilinadi: «Ammam menga shunday so‘zlab berdi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir yumush bilan bordim. U zot: «Hoy sen! Ering bormi?» dedilar. «Ha», dedim. «Unga qanday muomaladasan», dedilar. «Qo‘limdan kelganicha xizmatidaman», dedim. «Unga bo‘lgan munosabating qandayligiga qara! U sening yo jannating yo do‘zaxingdir», dedilar» (Ahmad rivoyat qilgan).

Ibn Abu Avfodan rivoyat qilinadi: «Muoz ibn Jabal Shom (o‘lkasi)dan kelganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sajda qildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu nimasi?» dedilar. «Ey Allohning Rasuli, Shomga borib odamlar rohiblariga sajda qilishayotganini ko‘rdim. Sizga ham shunday qilgim keldi», dedi. «Bunday qilma. Men biror narsani biror narsaga sajda qilishini buyuradigan bo‘lsam, ayolni eriga sajda qilishiga buyurar edim. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, ayol erini haqqini ado qilmaguncha Robbining haqqini ado qilolmaydi. Er uni xohlasa, u egarni ustida bo‘lsa ham, mone’lik qilmasin», dedilar» (Ibn Moja va Ibn Hibbon rivoyat qilishgan).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ayol besh mahal namozini o‘qisa, (Ramazon oyi) ro‘zasini tutsa, farjini (zino va fahshdan) asrasa, eriga itoat qilsa, jannatning xohlagan eshigidan kiradi», dedilar» (Ibn Hibbon rivoyat qilgan).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ayolga eri borligida uning iznisiz (nafl va qazo) ro‘za tutishi, uning iznisiz uyiga (birovning kirishiga) izn berishi halol bo‘lmaydi», dedilar (Buxoriy, Muslim va Abu Dovud rivoyat qilishgan).

Abu Dovudning rivoyatida Abu Hurayradan: «Ayol erining uyidagi narsalardan sadaqa qiladimi?» deb so‘rashdi. U kishi shunday dedi: «Yo‘q, faqat (eri olib kelgan) oziq-ovqatidan sadaqa qilsa mayli. Savobi o‘rtalarida bo‘ladi. U erining molidan uning iznisiz sadaqa qilishi halol emas».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Jannat ahlidan bo‘lgan ayollaringiz haqida xabar beraymi? (Eriga) muhabbatli, ko‘p tug‘adigan, foyda keltiradigan, zulm ko‘rsa «men sizning ixtiyoringizdaman, mendan rozi bo‘lmaguningizcha mijja qoqmayman» deydigan ayol» (Tabaroniy va Doraqutniy rivoyat qilingan).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Ayollaringizning yaxshisi Allohga taqvo qiladigan, ko‘p tug‘adigan, (eriga) muhabbatli, ko‘ngil oladigan, bo‘yinsunadiganidir. Ayollaringizning yomoni ochiq-sochiq, kibrlilaridir. Ular munofiqadirlar. Ulardan kam uchraydigan qanoti oq qarg‘alar kabi juda ozchiligi jannatga kiradi».

Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Qay bir xotin bu dunyoda eriga ozor bersa, albatta, uning «huri iyn»dan bo‘lgan xotini «Unga ozor berma! Alloh seni halok qilsin! U sening oldingda qo‘noqdir, xolos. Yaqinda seni tark etib, biz tomon jo‘naydi», deyishadi» Ibn Moja va Termiziy rivoyat qilishgan. Termiziy hasan, degan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «… Do‘zaxni ko‘rdim. Bugungidek manzarani aslo ko‘rmaganman. Uning ahli aksar ayollar ekanini ko‘rdim», dedilar. «Nima uchun, ey Allohning Rasuli?» deyishdi. «Kufrlari tufayli», dedilar. «Allohga kufr keltirishadimi?» deyishdi. «Erlariga kufronalik (nonko‘rlik) qilishadi. Yaxshilikka kufronalik qilishadi. Birortasiga umr bo‘yi yaxshilik qilsang‑u, keyin sendan biror (yomon) narsa ko‘rsa, «Allohga qasamki, sendan hech yaxshilik ko‘rganim yo‘q», deydi», dedilar» Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.

Romitan tuman “Hazrati Bobo” jome’ masjidimom-xatibi Sunnatulloh Faxriyev

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.