Islom

A’za bo‘lgan xonadonda taom va uning hukmi

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Har bir dunyo yuzini ko‘rgan inson borki kuni kelib, vaqti soati yetib o‘limga yuzlanadi. Alloh o‘zining azaliy va mo‘jizaviy kalomi bo‘lmish Qur’onda eslatma sifatida takror va takror insonning o‘limiga dalolat qiladigan oyatlarni nozil qilgan. Demak, har bir inson oxir oqibatda umrining yakuni borligini bilishi lozim. 

Zotan, “U (Alloh), o‘lim va hayotni sizlarning qaysilaringiz amalda yaxshiroq ekanligingizni sinash uchun yaratdi”, (Mulk surasi, 2-oyat) deb marhamat qilinadi. Darhaqiqat, bu dunyoda barcha insonlarning qiyomat va qabrdagi najoti uning o‘limiga qadar qilgan amallari hisoblanadi. Allohdan so‘raymizki, barchalarimizning amallarimizni go‘zal qilsin va o‘limimizni ham go‘zal aylasin.

Bugun o‘zbek xonadonida Allohning inoyati, xohishi ila aza ya’ni ta’ziya bo‘lib qolsa o‘sha xonadonda islom shari’ati va diniga tamoman zid bo‘lgan, hatto insonning gunohkor bo‘lishiga yetib ortadigan darajada gunohlar sodir etilayotganligini guvohi bo‘lib qolamiz. Aslida Islomga muvofiq bo‘lmagan va shari’at nuqtai nazaridan “bid’at” bo‘lgan amallarning soni xalq orasida ko‘payib bormoqda. Mana shunday amallardan biri bu mayyitning xonadonida mayyit ahli tomonidan taom ulashishlik holatlaridir.

Aslida Islom shari’ati bunga qanday munosabat bildiradi, bu ish mumkinmi yo‘qmi degan savol ko‘pchilikni hatto qiziqtirmay qo‘ydi. Keling, shu mavzuni yoritishga va ulamolarimizning bu holat borasidagi fikrlari bilan imkon qadar tanishib chiqamiz.

O‘lim sababidan musibat yetgan xonadonga ularning yaqin yoki uzoq qarindoshlari tomonidan, qo‘shnilari tomonidan taom ulanishligi, taom taqdim etishlari shar’an mustahab amal ekanligiga ulamolar bil ittifoq fikr berishgan. Bunga dalil o‘laroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abu Tolibning o‘g‘li Ja’far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu vafot etganlarida aytgan so‘zlarini dalil qilib keltiradilar. Ya’ni:

اصنعوا لآل جعفرٍ طعامًا فاءنّه قد اتاهم أمرٌ شغلهم

Abu Dovud rahimahullohdan rivoyat qilingan hadisda: “Ja’farning oilasiga taom tayyorlab beringlar. Ularning boshiga ularni mashg‘ul qilib qo‘yadigan ish tushdi”, dedilar.  

Alhamdulillah, bu holat ya’ni musibat yetgan xonadonga yaqinlari tomonidan taom olib borishlik urf sifatida bo‘lib qolgan. Zotan, bu ish musibatzadalarga yordam, mehribonlik va musibat bilan mashg‘ul bo‘lib turgan kishilarning qalbiga oz bo‘lsada iliqlik olib kiradi. Ayniqsa, qo‘ni qo‘shnilar va yaqinlar uning yonida bo‘lsalar mayyit sohiblariga va ularning qalblariga malham bo‘ladi. 

Lekin, shu qatorda bugingi kunda Islom va milliy urf-odat turiga kirib borayotgan, aslida esa na Islom tarixida va na millat tarixida bitilmagan ba’zi odatlar Islom va millat chiroyiga putur yetkazmoqda. Bu ham bo‘lsa ta’ziya marosimlariga bog‘liq bo‘lib qolayotgan marosimlardir. Xususan, ta’ziya yetgan xonadon ahllari, musibatzadalarning kelib ketguvchilarga taom hozirlashi, dasturxon yoyishi, aza marosimini to‘y misolida o‘tkazilinishi kabi bid’at amallar buxoriylar tug‘ilib, qo‘nim topgan yurtda sodir etilishi o‘ta uyatli va hech bir qolibga sig‘maydigan darajaga kelib bormoqda. Imom Navaviy o‘zlarining “Arba’iyn” nomli kitoblarida Rasulullohdan qo‘yidagi hadisni keltiradilar: 

من حسن الاسلام تركه مالا يعنيه

Ya’ni: “Kishining Islomda bo‘lmagan narsa yoki amallarning tark qilishligi Islomning go‘zalligidandir”.

Bugun, afsuslar bo‘lsinki xalq orasida bu kabi noislomiy marosimlar ko‘payib, avj olmoqda. Hatto, taom berish va dasturxon yoyishda kim o‘zar darajasiga yetib keldi. Eng achinarlisi, bu ishni Islomdan deb bilib amal qilinayotganligi. Vaholanki, Islom buni ya’ni musibatzadalar tomonidan ta’ziya izhor qilib kelguvchilarga taom berish shar’an “makruh” deya hukm chiqargan.

Bugun savob umidida taom ulashish uni qilguvchilariga gunoh olib kelayotganligi va bu ish shar’an tamoman qaytarilganligi Islom ulamolari tomonidan boz-boz aytilmoqda. Bu amalga nisbatan makruhlik hukmi berilishligiga sabab, bunda ularning g‘am tashvishlarini ziyoda qilish bordir. Agar merosxo‘rlar orasida balog‘atga yetmagan bola bo‘lsa va shunga qaramay musibatzadalar tomonidan taom ulashilsa bil ittifoq bu ish harom ekanligiga olimlar fatvo berishgan. Bugunga kelib, odamlar buni faxrlanish va o‘zini ko‘rsatish uchun qilayotganlari ham bor. Islom shari’ati agar taom qilishga ehtiyoj bo‘lsa, misol uchun ta’ziyaga uzoq joylardan kishilar kelib, tunab qoladigan bo‘lsa, yoki ularni taomlantirmaslikning iloji bo‘lmasa, unday holda ularga taom qilib berishga ruxsat bergan. 

Shunday ekan, bugun bir savob ishni amalga oshiraman deb inson o‘zini gunoh sari yetaklashdan asrashi va sharia’t belgilagan yo‘ldan toyilmasligi hamda o‘zini bid’at va xurofotlardan tamoman uzoqlashtirishligi lozim. Albatta, bu kabi holatlardan yiroqda bo‘lishlikda Allohning O‘zi hammamizga kuch-quvvat berishini so‘rab qolamiz.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.