Islom

Ro‘zai Ramazon – poklanish oyi yaqinlashmoqda

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Nafaqat bu oyda, balki boshqa oylarda ham ko‘z haromga boqishdan tiyilgan, quloq yomon so‘zlarni tinglashdan yiroq, qorin harom taomni tanavvul qilishdan to‘silgan, qalb yaxshiliklarni fikrlashga mashg‘ul, boylik ulug‘ Parvardigorga itoat etishga sarflangan, qo‘l va oyoq manfaatga shay bo‘lmog‘i matlubdir. Albatta, banda bu berilgan ne’matlarni nimaga, qanday ishlatganiga javob berishi ilohiy kalomda aytib o‘tilgan:

“So‘ngra ana o‘sha Kunda albatta (hayoti-dunyoda sizlarga ato etilgan barcha) ne’matlar to‘g‘risida mas’ul bo‘lursizlar” (Takasur surasi, 8-oyat).

Tavbalarimiz shaksiz qabul bo‘ladigan oyni g‘animat bilish darkor. Bunda ajrlar ko‘payishi, gunohlar kechirilishi va’da qilingan. Buning tunlari kunlaridan nurli, kunlari tunlaridan a’lo. Ushbu fazilatli oy bandalarni xatolardan poklovchidir. Ramazonning ro‘zasi ro‘zalarning afzali, qiyomi qiyomlarning sultoni. Haq taolo bu oy bilan Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatlarini fazilatli etdi, barakalarga chulg‘adi.

Ramazon – yilning chirog‘i, oylar sultoni, qoidalar vositasi, Islom arkonlarining sharafi. U ro‘za, namoz, qiyom, tilovat, zikr, saharlik, iftorlik va duolar ila yanada sayqal topaveradi.

Ilohiy kitob shu oyda nozil qilindi. Tavba eshigining barchasi shu oyda ochilgan. Bunda duo va iltijolar eshitilmay, amallar qabul etilmay, yaxshiliklar ziyoda bo‘lmay, xatolar kechirilmay qolmas. Mo‘min-musulmonlar xonadoni va ularning qalbi zikr bilan bezangay, farishtalar zokir bandalardan xushnud bo‘lgay. Buncha barakani boshqa oyda topib bo‘lmaydi.

Hech bir ummat bu ummatchalik fazilatli bo‘lmaganidek, birorta oy bu oydan ustun bo‘lolmas. Mashaqqatni yengib o‘tganlarga abadiy salomatlik diyori muntazir. Har bir ro‘zadorni Yaratganning diydoriga boqish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hamsuhbat bo‘lish baxti kutmoqda. Shuning uchun bu oyda kim olamlar Robbisiga itoat etsa, suyukli habibining sunnatiga ergashsa, daraxt barglari to‘kilgandek gunohlari duv-duv to‘kilaveradi. Xususan, bu do‘zax azobidan xalos bo‘lish vositasidir.

Hadisi shariflarning birida “Odamlar Ramazon oyida qanchalar fazilat borligini bilganlarida edi, yil bo‘yi Ramazon bo‘lishini orzu qilishardi”, – deyilgan.

Biz ham bu g‘animatli oyning har bir daqiqasini qadriga yetib, undan unumli foydalanib qolishimiz zarur. Chunki bu oy ko‘z ochib-yumguncha o‘tib ketadi. Qancha ibodat qilsak, o‘zimizga foyda. Har bir qilgan amalimizga yarasha savob olamiz. Mahshar maydonida, amallar taroziga tortilayotgan bir paytda yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.