Islom

Iymonsizda hayo, hayosizda iymon bo‘lmaydi…

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Muqaddas dinimiz barcha mo‘min-musulmonlarni go‘zal axloqli bo‘lishga qiziqtirib, insoniy fazilatlar bilan bezanishga, yomon xulqlardan uzoq yurishga undaydi. Alloh taolo yaratgan maxluqotlar ichida inson zoti nafaqat tili balki odob-axloqi bilan ham o‘rnak bo‘lmog‘i kerak. 

Bu haqda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, har bir dinning (o‘ziga xos) xulqi bo‘ladi, Islomning xulqi esa hayodir”, deganlar. 

U zotning o‘zlari ham o‘ta hayoli zot edilar. Bu borada boshqalarga o‘rnak bo‘ldilar. Sahobalardan ham shuni talab qilardilar. Hayoli insonlarga beriladigan fazilatlar haqida gapirib, ularni hayoga qiziqtirardilar.

Hayo barcha narsalarni go‘zallashtiruvchi ziynatdir. Bu xususda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Qaysi narsada fahsh bo‘lsa o‘sha narsani xunuklashtiradi. Qaysi narsada hayo bo‘lsa uni ziynatlaydi”, deganlar. 

Hayo iymondan bir bo‘lak bo‘lib, u imonning sayqal topishida muhim o‘rin tutadi. Qaysi bir kishining hayosi kuchli bo‘lsa, uning iymoni ham baquvvatdir. Yoki kishining iymoni kuchli bo‘lsa hayosi xam kuchli bo‘ladi. Xalqimizda “Iymonsizda hayo, hayosizda imon bo‘lmaydi”, degan maqol bejiz aytilmagan.

Chinakam hayoli inson biror kimsadan tanbeh yoki dakki eshitsa uyalib, terlab, qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, noqulay vaziyatga tushib qoladi. Aksincha, tanbehni eshitib, undan to‘g‘ri xulosa qilmay, o‘ziga jonkuyarlik qiluvchiga so‘z qaytarish yoki beodoblik qilish hayosizlik nishonasidir.

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayo bobida chimildiqdagi kelindan ham ustunroq edilar. Qachon o‘zlari yoqtirmaydigan biron narsani ko‘rsalar, darhol yuzlarida (norozilik alomatini) bilib olar edik”, deganlar.

Hazrat Ali: “Kim hayo libosini kiysa, odamlar uning aybini ko‘rmaydi”, deganlar.

Haqiqiy hayo hadisi sharifda aytilganidek, miyadagi fikrni yaxshilash, parhezkor bo‘lish va o‘limni doimo yodda tutish bilan bo‘ladi. Kimki shularga doimo eьtibor qilsa, u Allohdan haqiqiy hayo bilan uyalgan kimsadir.

Hayo shunday novdaki, uni ushlagan inson hayotda to‘g‘ri yo‘lni topadi. Uni mustahkam tutganlar jannat yo‘lini yo‘qotmaydi. Odamlar orasida ham qadr-qimmati oshadi. O‘z hurmatini saqlab qoladi. Farishtalarning e’tiboriga sazovor bo‘ladi.

Hayoning chegarasi bo‘lmaydi. Uning har qanday turi mahbub amallardan sanaladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hayoning hammasi xayrlidir”, deganlar (Buxoriy rivoyati).

Hayo imonimizning tayanchi bo‘lishi bilan birga barchamizning bebaho ziynatimizdir. Shunday ekan hayoni qo‘ldan boy bermaylik. Oilada, jamoatda, ko‘cha-kuyda, qolaversa yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qilaylik. Ibo-hayoli insonlarga yordam beraylik, ularni doimo qo‘llab-quvvatlaylik.

Alloh taolo hayo ziynatini barchamizga ziyoda aylab, hayoli va iboli bandalaridan qilsin.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.