Islom

Ol buni singlim, lekin nomusingni saqla…

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Eridan 3 ta go‘dagi bilan beva qolgan ayolning ahvoli tang bo‘lib qoldi. Bir amallab kun ko‘rib turishgan edi. Mana, uchinchi kundirki bolalari tuz totgani yo‘q. Saharda yaratganga iltijo qilib yolvordi: “– Ey saxovatli Razzoqim! Sinovlaringni menga oson qil. Imonimni va nomusimni o‘zing asra!”.

Zo‘rg‘a o‘rnidan turdi. Uxlayotgan bolalarining tepasiga kelib, ochlikdan kichrayib, so‘lib borayotgan yuzlariga qarab yuragi ezildi, xo‘rligi keldi. Devorga suyanib beixtiyor derazadan qaradi. Shu vaqt ro‘paradagi ko‘cha yoqasiga eski bir taksi kelib to‘xtadi. Qalbida umid uchquni porladi: “–Shu taksichidan yordam so‘rasamchi? Musulmondir, axir. Ahvolimni tushuntirsam 3-4 so‘mini ayamas”, -deb o‘yladi.

Bor quvvatini jamlab, ro‘molini boshiga tashlagancha ko‘chaga chiqdi.

– Ey muhtaram zot, men tilamchi emasman. Ammo uch kundan beri bolalarim bilan tuz totmadik. Sabrim tugadi. Nomusimdan ayrilib qolmasam deb qo‘rqaman. Boshqa sotadigan narsam yo‘q…

Hozirgi mijozi bergan pulni cho‘ntagiga solarkan, endi yurishga chog‘langan taksichi bu ayolning ayanchli ovozidan g‘alati bo‘lib ketdi. “Yordam berish kerak!” – miyasiga kelgan ilk fikr shu bo‘ldi. Bu fikrning ketidan oqib kela boshlagan nafs va shaytonning hiylakor bahonalariga tutqich bermay hamyonidagi anchadan beri to‘plab qo‘ygan bir dasta pulni olib shundog‘icha ayolning qo‘liga tutqazdi:

– Ol buni singlim, lekin nomusingni saqla, -dedi-yu gazni bosdi. Ortidan ayol esa:

– Alloh sening ham ishingni o‘nglasin, -deganicha duo qildi.

Taksichi uyiga qaytarkan, ko‘zi yo‘lda-yu, xayoli bu ishni xotinimga qanday tushuntiraman degan o‘y bilan mashg‘ul edi. Gap shundaki, mashinasining hamma baloni ishdan chiqib eskirib qolgan, har kuni yuragini hovuchlab yurar edi. Topganini tejab-tergab anchadan buyon pul to‘plab yurgandi. Bugun ertalab shu pullarga ballon olmoqchi edi… Nachora, ballonga emas birovga nasib qilgan ekan…

Darhaqiqat salom-alikdan so‘ng xotini darrov ballonni so‘radi. Ustaxonaga kirdim. 3-4 kun sabr qiling deyishdi. Yaqinda yaxshilarini olib kelisharkan, deb g‘uldiradi er xotinning ko‘zlariga qaramasdan…

Oradan bir necha kun o‘tib, kechki payt taksichi uyiga qaytsa, xotini unga shunday dedi:

– Usta, shekilli, sizni so‘rab keldi va “Ertalab mana bu manzilga borsin, ballonlarini almashtirib beraman” deb ketdi. 

Er hayron, manzil yozilgan qog‘ozni qo‘lga olarkan “Rostini aytsammi?” degandek xotiniga qaradi… Tamoman begona joy. Kim bo‘ldi ekan? Holatni judayam bir ta’vil qilolmadi. “Tavakkal, erta tongdanoq boraman. Nima gapligini albatta bilaman”, – deb ko‘ngliga tugib qo‘ydi.

Ertasi kuni nonushta qilmay, ko‘chaga otlandi. Manzilni topish qiyin bo‘lmadi. Ustaxona ekan. “Xo‘jayin bo‘lsa kerak. Eshik oldida bir kishi o‘tiribdi. Xuddi xotini ta’riflagan kishiga o‘xshaydi”, deb xayol qildi yaqinlashib. U ham taksichini ko‘rib qadrdonlardek peshvoz chiqdi.

Ustaxona xo‘jayini yoshli ko‘zlarini unga qadab, shunday dedi:

– Sen nima qilgansanki, 3 kundan beri Payg‘ambarimiz s. a. v. tushimga kirib, sening nomingni aytib: “Shu kishining ballonlarini yangilab ber, Men seni qiyomatda shafoat qilay”, – deydi?  Kel, birodar, mashinangni ichkariga olib kir.

Taksichi bir lahza quloqlariga ishonmay turib qoldi, so‘ngra uning ham ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi.

Alloh taolo Rahmon surasining 60-oyatida “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir” deb va’da qilgan.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.