Islom

Alloh taolo aytadi: “Bandam Men haqimda qanday gumon qilsa, shundayman. Meni eslasa, u bilan birgaman…”

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: Alloh taolo aytadi: “Bandam Men haqimda qanday gumon qilsa, shundayman. Meni eslasa, u bilan birgaman. Meni bir o‘zi eslasa, Men ham uni O‘zim eslayman. Agar u Meni bir jamoa ichida eslasa, Men uni ulardan yaxshiroq jamoa ichida eslayman. Agar u Menga bir qarich yaqinlashsa, Men unga bir arshin yaqinlashaman. Agar u Menga bir arshin yaqinlashsa, Men unga bir quloch yaqinlashaman. Agar u Menga yurib kelsa, Men unga chopib boraman”.

Shorihlar bu yerda aytilgan gumon haqidagi jumlani shunday izohlashgan: Bu jumlani “Bandam Men haqimda yaxshi gumonda bo‘lib, mag‘firatimdan umidvor bo‘lsa, kechiraman. Rahmatimdan noumid bo‘lib, gunohga botsa, meni iqob qiladi deb, Men haqimda badgumon bo‘lsa, jazolayman”, degan ma’noda tushunish mumkin. Umidvor bo‘lish musulmonga xos, noumid bo‘lish esa shaytonga xos amaldir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan shunday bir hadis bor: “Alloh qo‘rquvidan kishining vujudi titragan vaqtda, daraxtdan yaproqlar to‘kilganday, gunohlari to‘kiladi”.

Aytishlaricha, bir odam bir ayolni ko‘z ostiga oladi. Bir kun shu xotin tijorat maqsadi bilan bir karvonga qo‘shilib yo‘lga chiqadi. Haligi odam ham o‘sha karvonga qo‘shilib, ortidan ketadi. Oqshom chog‘i karvon bir yerda qo‘nim topadi va hamma yotadi. Bu orada o‘sha erkak ayolning yoniga keladi va maqsadini unga aytadi. Ayol:

– Bor, kuzatib kel, hamma uxlaganmikin, bilaylikchi, deydi.

Taklifi qabul bo‘ldi, deb o‘ylagan erkak sevinib ketadi, karvon atrofini aylanib keladi va:

– Hamma uxlagan, deydi. Bu safar xotin:

– Yaxshi, Alloh-chi? Ajabo, shu soatda u ham uxlaganmikin, nima deysan?, deb so‘raydi. Bu og‘ir savolga erkak:

– Yo‘q, Alloh hech qachon uxlamaydi, mudramaydi ham, deb javobini berishga majbur bo‘lganda, xotin deydi:

– U holda odamlar ko‘rmasa ham, uxlamagan va mudramaydigan Alloh bizni ko‘radi. Hammadan ham ko‘ra undan qo‘rqaylik va hayo qilaylik.

Ayol u so‘zlarni aytayotganda erkakning ko‘nglida qo‘rquv uyg‘onadi. U Allohdan qo‘rqib, darhol karvonni tark etib, uyiga qaytadi va tavba qiladi.

Alloh taolo: “Ularning Rabbilari huzuridagi mukofotlari ostidan daryolar oqadigan Adn Jannatlaridir. Ular o‘sha joyda abadul-abad qoladilar. Alloh ulardan rozi. Ular ham Allohdan rozidirlar. Bu baxtiyorlik Rabbidan qo‘rqqan kishilar uchundir” (Bayyina surasi, 8-oyat).

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.