Islom

Rasululloh (s. a. v): “Firibgar va yomon xususiyatli kimsa jannatga kira olmaydi”

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Jamiyatda birlikning buzilishiga, o‘zaro hamjihatlik va o‘zaro ishonch singari tabarruk tuyg‘ularning kamayib ketishiga bois bo‘layotgan illatlardan biri va ashaddiyrog‘i borasida quyida fikr yuritmoqchimiz.

Baraka – jamoatdadir. Ya’ni hamjihat bo‘lib, birlashib, o‘zaro ahillik bilan yashashda baraka bo‘ladi, fayz bo‘ladi. Donolarimiz “Bir marta janjal bo‘lgan xonadondan 40 kunlik baraka qochadi”, – deydilar. Darhaqiqat, janjal bo‘lgan xonadondan baraka qochadi, fayz qochadi.

Xo‘sh, mana shu janjalni kelib chiqishiga eng katta vositalardan biri, insonlar jamiyatida bir-birlariga nisbatan o‘zaro ishonch, ahillikni yo‘qolishini sabablari nimada? Buning eng katta sabablaridan biri “Firibgarlik” singari illatning jamiyat orasida ko‘payib borayotgani deyish o‘rinli bo‘ladi. Mana shu illatning sababidan insonlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi.

Muqaddas islom dinimiz mana shunday illatlarga berilgan kimsalarni qattiq tahqirlaydi, ularning ishini qoralaydi. Qolaversa,  Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh (s. a. v): “Firibgar va yomon xususiyatli kimsa jannatga kira olmaydi”, – deb marhamat qilganlar.

Inson hayoti mobaynida baholi qudrat yaxshi amallar qilib, jannatga kirishga, Allohni diydorini ko‘rishga sabab bo‘ladigan xayrli amallar qiladi. Rasululloh (s. a. v)ning shafoatidan umid qiladi. Ammo firibgarlik singari yomon xususiyatlarni o‘zida aks ettirgan, tabiatiga aylantirib yuborgan kimsalar yuqorida aytilgan eng ulug‘ baxtlardan mosuvo qoladilar.

Mo‘min kimsa firibgar bo‘lmaydi. Qalbida iymoni bo‘lgan kimsalar o‘zgalarni aldamaydi, turli fitna-fasodlarni chiqarmaydi, birovni haqqini turli xil xurofotlar, makkorliklar-u, firiblar bilan o‘zlashtirib olmaydi. Demak, azizlar, islomni da’vo qilar ekanmiz, qalbimizda iymonimiz bor der ekanmiz, mana shundayin illatlardan hazar qilmog‘imiz lozim bo‘ladi. Nafaqat o‘zimiz, balki farzandlarimiz, yaqinlarimizni ham mana shunday illatlardan saqlamog‘imiz lozim bo‘ladi. Chunki, har bir kimsa qo‘l ostidagilaridan so‘raladi.

Zotan mo‘min kishi o‘ziga ravo ko‘rganni o‘zgaga ham ravo ko‘rishi, ravo ko‘rmaganini esa, o‘zgaga ham ravo ko‘rmaydigan bo‘ladi. Mana shundagina komil musulmon bo‘ladi. Demak, o‘zimizga jannatni istaymizmi, o‘zimizga Allohning diydori, Rasululloh (s. a. v)ning shafoatlarini xohlaymizmi demakki do‘stlarimizga, farzandlarimizga, aka-uka, yor-birodarlarimizga bir so‘z bilan aytganda barcha yaqinlarimizga buni istamog‘imiz lozim bo‘ladi.

Bir yaqinimizni vafot etishi, biron bir kimsani yo‘qotishimiz haqiqiy ayriliq emas azizlar. Chunki tongla qiyomatda barchamiz tirilamiz. Qolaversa, bu dunyo foniy dunyo, uni Yaratgandan o‘zga barcha tark etishi muqarrar. Ammo o‘zingiz jannatga kirsangiz-u, yaqiningizni u yerda topa olmasangiz, O‘zi asrasin do‘zaxda bo‘ladigan bo‘lsa, mana bu haqiqiy ayriliq bo‘ladi. Mana shunday azim ayriliqdan asrasin.

Mulohazalarimiz so‘ngida jamiyatimizdagi birlik, hamjihatlilik va ahillik, istiqlolimiz, hurriyatimiz abadiy bo‘lsin deymiz.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.