Islom
Qaysi musulmon bemor musulmonni ko‘rgani borsa, yetmish ming farishta kechqurungacha unga duoi xayr qiladi
Islomda bemorlarni ziyorat qilish ulkan ajrlarga ega bo‘lish manbaidir. Ba’zi ulamolar bemor ziyoratini vojib deganlar. Ko‘pchiliklari sunnat deyishgan. Moʻminni moʻmin ustida oltita haqqi bor. Shulardan biri agar birodari kasal bo‘lsa uni ko‘rishga borish. Nima bo‘lganda ham bu amalni savobi ulug‘dir.
Imom Muslim rivoyat qilgan muborak bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Musulmon kishi bemor musulmon birodarini ziyorat qilishga borsa, to borib-kelgunicha jannat “hurfa”sida bo‘ladi”, dedilar. Shunda: “Ey Allohning Rosuli, jannatning “hurfa”si nima”, deyildi. Ul zot: “U (jannatning mevasi)ni terib oladi”, dedilar”.
Imom Ahmad, Ibn Hibbon rivoyat qilgan hadisda esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Kim kasal ko‘rgani borsa, u rahmat hovuzida suzadi. Agar kasalning oldida o‘tirsa, uning ichiga cho‘kadi”, deganlar.
Imom Ahmad va Termiziy rivoyat qilgan hadisi muborakda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Qaysi musulmon bemor musulmonni ko‘rgani borsa, yetmish ming farishta kechqurungacha unga duoi xayr qiladi. Agar u kech kirganda biror bemorni ko‘rgani borsa, tonggacha yetmish ming farishta uning haqqiga duoi xayr qiladi va unga jannatning terilgan mevasi beriladi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘zal odatlaridan biri shu ediki kimni bemor deb eshitsalar albatta uni ziyoratiga borib haqqiga duo qilar edilar.
Oisha roziyallohu anhudan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemorni oldinga kelsalar yoki u huzurlariga olib kelinsa: “Azhib-l-ba’sa Robba-n-naasi ishfi va anta-sh-shaafiy laa shifaa’a ilaa shifaa’uka shifaa’an laa yug‘odiru saqoman”, deb aytar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ma’nosi: “Ziyonni ketkaz, ey insonlarning Robbi! Shifo ber, Sen shifo beruvchisan. Sening shifoyingdan o‘zga shifo yo‘q. Hech qanday dardni qoldirmaydigan shifo (ber)!”.
Islomda bemorni ziyorati qancha ulug‘ bo‘lsa, ziyoda harakatlar bilan uni qiynab qo‘yishdan undanda ziyoda qaytarilgan. Gohida inson savob olaman deb, bemor yoki uning qarovchisiga aziyat berib qo‘ysa gunohkor ham bo‘lishi mumkin. Bemor ziyoratiga borgan kishi uning huzuriga uzoq muddat qolmay tezroq turishi lozim, illo bemor ko‘proq qolishni istasa joiz.
Ulug‘ shayx Sirri Saqotiy bemor bo‘lib qolganlarida, bir necha kishi u zotni ko‘rishga keldi. Ziyorat uzoq muddat cho‘zilib ketdi. Shunda ziyoratchilardan biri u kishiga: “Agar ruxsat bersangiz, qaytmoqchi edik. Bizlarning haqqimizga bir duo qilsangiz”, dedi. Shayx qo‘llarini ko‘tarib: “Allohim, bularga bemorni ziyorat qilish odobini ta’lim bergin”, deb duo qiladilar.
Bemorni ziyorati uchun munosib vaqt tanlash, unga ko‘p savol bermaslik, har tomoniga alanglamaslik, yosh bolalarni olib bormaslik, sog‘ayishiga umidlantirish, ovozini baland ko‘tarmaslik, bemorga foydali biror hadya olib borish, bemor biror yordam so‘rasa mamnuniyat bilan qabul qilish, bemor oldida o‘zining muammolarini aytmaslik, telefon bilan mashg‘ul bo‘lishdan saqlanish va shu kabi boshqa odob qoidalariga qat’iy rioya qilish lozim.
Naqshbandiy tariqatining ulug‘ namoyondasi Xoja Ubaydulloh Axror rahimahulloh aytadilar: “Do‘stlarga kasalligi vaqti madad qilish va og‘irini yengillatish yaxshi ishdir. Madad ikki nav’dir: biri, kasallikdan qutilish uchun barcha-tadbirlarni ishga solish, ikkinchisi, kasallik tufayli buzilgan kayfiyatini yaxshilash, ko‘tarishdir”.
Iloho barcha bemorlarimizga Shofiyning O‘zi shifo bersin!
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


