Islom
Agar bergan ne’matlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir…
Alloh taolo insonni mukarram qilib yaratdi, unga sanoqsiz ne’matlarni, tugalmas yaxshiliklarni ato qildi. Bu ne’mat va yaxshiliklar bilan uni boshqa yaratilganlardan afzal qildi. Agar bandalar shukr qilsalar, ularga ne’matlarini ziyoda qilishini va’da qildi va itoat qilsalar bu ne’matlar davomiyligi va boqiyligini kafolatini berdi.
وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِنْ كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ
Yana Robbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”, – deyilgan (“Ibrohim” surasi, 7-oyat).
Fuzayl ibn Iyoz esa “Kim qalbi bilan Alloh taoloning ne’matlarini tanisa, tili bilan unga hamd aytsa, ne’matlarning faqat ziyodasini ko‘radi”,- degan.
Alloh taoloning bandalarga bergan ne’matlari zohiriy va botiniy, ochiq va yashirin, ma’lum va noma’lumdir.
أَلَمْ تَرَوْا أَنَّ اللَّهَ سَخَّرَ لَكُمْ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الْأَرْضِ وَأَسْبَغَ عَلَيْكُمْ نِعَمَهُ ظَاهِرَةً وَبَاطِنَةً …
Ma’nosi: “(Ey, insonlar!) Alloh osmonlar va Yerdagi barcha narsalarni sizlarga bo‘yin sundirib qo‘yganini va sizlarga barcha zohiriy va botiniy (moddiy va ma’naviy) ne’matlarini komil berganini ko‘rmadingizmi?!” (“Luqmon” surasi, 20-oyat).
Albatta, bu ne’matlar bizga ma’lumlari, biz bilmagan ne’matlar qancha. Ularning sanog‘iga sanab yetib bo‘lmaydi.
وَآَتَاكُمْ مِنْ كُلِّ مَا سَأَلْتُمُوهُ وَإِنْ تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنْسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ
Ma’nosi: “Shuningdek, sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Rabbiga) juda noshukrdir” (“Ibrohim” surasi, 34-oyat).
Shukrning yana bir ifodasi ne’matlarni til bilan gapirishdir.
وَأَمَّا بِنِعْمَةِ رَبِّكَ فَحَدِّثْ
Ma’nosi: “Rabbingizning (Sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang!” (“Zuho” surasi 11-oyat).
Oyatga binoan Allohning ne’matlari haqida so‘zlash shar’an matlubdir. “Rabbingiz ne’matlarini eslang” oyatidan “uni shukrini ado qiling, uni ta’sirini ko‘rsating”, deyilgani holda, buyuk bir odob ta’lim berilmoqda. U ham bo‘lsa ne’mat haqida gapirish va uni ko‘rsatish, oliyjanoblik, saxiylik kabi go‘zal ahloqlar bilan xulqlanishga qiziqtirilmoqda, aksincha, ochko‘zlik razolatidan qochish, ya’ni ne’matni yashirish, o‘zida tutib turish va shikoyat qilishdan qaytarmoqda. Chunki baxillarning odati mollarni yashiradilar va uni sarflashlikka qizg‘onadilar, doimo kamlik yoki yo‘qlikdan shikoyat qiladilar.
Karamli zotlar esa Alloh taolo ularga o‘z fazlidan ato qilgan narsalarni sarflaydilar, ularga bu narsalarni yetkazgan Zotga hamd aytadilar. Shuning uchun, ne’matni gapirish fuqarolarga taom berish, ehson qilish va muhtojlarga yordam qilishdan kinoya qilinmoqda (Tafsiri Qosimiy).
Imom Qurtubiy bu oyat tafsirida “Shukr va sano bilan Alloh taoloning ne’matlarini yoying, gapiring, shukr bilan uni e’tirof qiling”, – deganlar.
Noʻmon ibn Bashirdan: Payg‘ambar alayhissalom: “Kim oziga shukr qilmasa, ko‘piga ham shukr qilmabdi. Kim insonlarga shukr qilmasa, Alloh taologa shukr qilmabdi. Ne’matlarni gapirish shukrdir. Uni tark qilishlik yesa kufrdir. Jamoat rahmatdir, tafriqa qilishlik azobdir”, – deganlar.
Molik ibn Nazla al-Xushamiy: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida yirtiq kiyim bilan o‘tirgan edim, moling bormi?”, – dedilar. “Ha! Yo Rasulalloh!”, – dedim. “Modomiki, Alloh senga mol ato qilgan bo‘lsa, uning asarini sening ustingda ko‘rinsin”, – dedilar. Imom Nasaiy rivoyati.
Bu haqda Abu Sa’id al-Xudriy roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo go‘zaldir, go‘zallikni yaxshi ko‘radi va bandasida o‘z ne’matlarining asarini ko‘rmoqlikni yaxshi ko‘radi”, – dedilar.
Abu Sa’id al-Xudriy: “Oyatdagi ne’matdan murod Alloh taolo ato etgan barcha ne’matlardir”, – deganlar.
Imom Hasan ibn Ali (r. a.): “Ne’matlarni ko‘proq zikr qilinglar, chunki uni eslash shukrdir”, “Yaxshilik qilsang boshqalar ham ibrat olib ergashishlari uchun uni so‘zla, faqat riyodan saqlanishga ishonch bo‘lsa”, “Agar senga bir yaxshilik yetsa yoki bir yaxshi amalni qilsang, u haqda do‘stlaringdan eng ishonchlisiga aytgin”, deganlar.
Imom Bayhaqiy “Sho‘abul imon” kitobida Noʻmon ibn Bashirdan kelgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning ne’matlarini gapirish shukrdir, uni tark etish esa kufroni ne’matdir”, – deganlar. Umar ibn Abdulaziz ham ne’matlarni zikr qilish shukrdir, deganlar.
Sayyid Tantoviyning “Al-Vasit” nomli tafsirlarida: “So‘zlash”dan murod xabar berish. Ya’ni, nochor eding boy qildik. Endi buning shukrini qil va izdoshlaringga ayt. Ular ham ergashsinlar. Lekin faxr va riyosiz bo‘lsin”, – deyilgan. Chunki, ne’matni faxrlanib, riyo bilan zikr qilish Alloh taoloni g‘azablantiradi. Musulmonlar ne’mat haqida gapirish ne’matning shukrini ado qilishdan deb bilardilar.
Biz e’tibor qaratadigan yana bir jihat borki, bu har qanday ne’mat bandani Alloh taologa yaqinlashtirmasa, u uning uchun balo va ofat bo‘lishidir. Shukr esa barcha mavjud ne’matlarni saqlovchisidir va yo‘q ne’matlarni jalb qiluvchisidir. Ali Ibn Abu Tolib (r. a.): “Ne’mat shukrga, shukr esa ziyodalikka bog‘langandir. Shukr kesilmaguncha ziyodalik kesilmaydi. Ya’ni, kimki shukr bilan rizqlangan bo‘lsa, ziyodalik bilan rizqlanibdi”, – deganlar.
Alloh barchamizni ne’matlari shukrida shokirlardan, o‘zi yaxshi ko‘rgan va o‘zi rozi bo‘lgan bandalardan qilsin. Solih bandalar uchun tayyorlab qo‘yilgan, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan, biror insonning ko‘ngliga kelmagan ne’matlarni nasib etsin.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


