Islom
Nega duolar qabul bo‘lmaydi?
Xalqimiz ichida Allohga muqarrab insonlar ko‘p bo‘lgan. Butun vujudi, qalbi pokiza, muttaqiy zotlarning duolari bois el-yurt osoyishta yashagan, dasturxonlari ne’matlarga to‘lgan. Xalqimizning: “Duolar bilan el ko‘karar, yomg‘ir bilan yer ko‘karar”, – degan hikmatlarida ham bir olam ma’no bor.
Bugungi holatimizga nazar solib, goh o‘zimizga, ba’zan qo‘shnimizga qarab hayratga tushamiz. Chunki, qo‘llar duoga ochiladi, biroq ko‘zlar olazarak kezinadi. Til bir xil duolarni takrorlaydi, xayolimiz allaqayerlarda sarson. Aslida, duolar qabul bo‘lishining eng muhim shartlaridan biri Allohdan chin dildan so‘rash. O‘y-xayol turli-turli joylarda yursa-yu, til quruq g‘uldirasa, bunday holatda duolarimiz qabul bo‘larmikin?
Inson zoti borki, har doim, har daqiqada Alloh madadiga muhtojdir. Goho qalblar erigan, dildan Parvardigorga iltijo etilgan bir kamyob holatlar sodir bo‘ladi, aynan shunday vaziyatlarda duo ijobatidan umid bor.
Bizning jamiyatimizda turli e’tiqodiy mezonlar asosida yashayotgan odamlar ko‘p. Ibodatli-ibodatsiz, taqvoli-taqvosiz, iymonli-iymonsiz… Ibodatsiz, iymonsiz kimsa qanday qilib, qaysi yuz bilan Allohga iltijo etadi? To‘g‘ri, boshiga musibat yog‘ilsa, ishlari yurishmasa, tijorati kasodga uchrasa va shunga o‘xshash holatlarda ibodatsiz kimsalar ham beixtiyor Yaratuvchini eslab qoladilar. Duo talabida bo‘ladilar. Faqat va faqat o‘z manfaatlari, moddiy ehtiyojlari, bu dunyodagi shohona maishatlari uchun duo so‘rab kimlargadir murojaat ham qiladilar. Bu toifa odamlar farz neligini, dunyoning o‘tkinchiligini, imonsizlarning do‘zaxga tushishini, imonli-e’tiqodli insonlar uchun jannatlar hozirlab qo‘yilganini bilmaydimi? Biror davrda shu mavzuda so‘z ochilsa, kuch-quvvati, yoshligini yoki keksayganida ibodatga o‘tishini ichidan aytib o‘tiradi. Ayrimlar esa bunday gaplarni eshitmaslikka oladi, eshitgan taqdirda ham ularga cho‘pchak deb qaraydi. Allohni tanimagan, g‘aflat uyqusida yotgan qalb egalarining duolari qabul bo‘lmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim duosining qabul bo‘lishini va g‘amlardan forig‘ bo‘lishini istasa, muhtoj kimsalarga yordam bersin”.
Allohdan umidvor banda duolarining qabul bo‘lish shartlari bor:
- Luqmai halol duolar qabul bo‘lishining eng muhim shartlaridan biri sanaladi. Halol luqma bilan vujudi oziqlangan mo‘min kishining qalbi yorug‘, yuzi nurli bo‘ladi. Harom luqma qalbni qoraytiradi, fikrni chalg‘itadi, Allohdan uzoqlashtiradi, hatto Allohni unuttiradi. Halol luqma insonning ichkarisini go‘zallashtiradi, poklaydi.
- Ayni choqda, duogo‘yning ustidagi kiyim-kechagi ham pokiza bo‘lishi kerak. Bu ham muhim shart.
- Mo‘min kishi Allohdan nimani so‘ragan bo‘lsa, uning qalbi aynan shu narsa bilan mashg‘ul bo‘lishi va duogo‘yda shu duosining ijobatiga to‘la-to‘kis ishonch bo‘lishi lozim.
Biz insonlar ojizmiz, xatokormiz. Duo qilib, umid etamiz. Tavba-tazarru’ qilamiz. “Endi bu duolarim qabul bo‘lmayapti, shekilli”, – degan shubhadan umidvorlik doimo ustun kelishi kerak. Chunki, qabul bo‘lish yoki bo‘lmaslik siri yolg‘iz Allohga ayondir. Ehtimol, ularning ijobati qiyomat kuni uchun zahiraga qoldirilgandir.
Duolar ijobati boylikka, kuch-quvvatga, nasabu mansabga va hatto ba’zan ilmga ham aslo bog‘liq bo‘lmasligini anglash kerak.
Duolarning ijobat bo‘lishi xususida Abu Lays as-Samarqandiyning “Tanbehul-Qofilin” kitobida quyidagi tanbehlar keladi:
Bir hakimdan so‘ragan ekan:
– “Biz duo qilamiz, lekin duolarimiz ijobat bo‘lmaydi?..”.
– Alloh taolo: “Menga iltijo — duo qilinglar, Men sizlarni qilgan duolaringizni mustajob qilurman”, deb aytgan-ku?
Hakim aytibdi:
– Sizdagi yetti hislat duolaringizning ijobatini man’ qiladi.
– Qaysim hislatlar?
Hakim javob beribdi:
– Sizlar Rabbingizni g‘azablantirasizlar, ammo Uning rizosini talab qilmaysizlar, ya’ni, Allohning g‘azabi vojib bo‘ladigan ishlaring uchun pushaymon qilmaysizlar. Bizlar Allohning bandalarimiz, deysizlar, ammo bandaning ishini qilmaysizlar, ya’ni, banda xo‘jasi buyurganni bajaradi va Uning amridan chiqmaydi. Sizlar Qur’onni o‘qiysizlar, lekin unga ergashmaysizlar, ya’ni, tafakkur va ta’zim bilan o‘qimaysizlar, buyruqlariga amal qilmaysizlar. Biz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatimiz, deysizlar-u, u zotning sunnatiga amal qilmaysizlar, ya’ni, sizlar odatlarga va rasm-rusumlarga amal qilib, sunnatga ergashmaysizlar. Sizlar dunyoni yalang‘och deb aytasizlar, ammo unga ishonib qolgansizlar. Sizlar harom va shubhali luqma yeysizlar. U ikkovidan qaytmaysizlar. Oxirat dunyodan yaxshiroq, deysizlar, lekin oxirat talabida harakat qilmaysizlar va oxiratdan ko‘ra dunyoni ko‘proq xohlaysizlar.
Boshqa bir rivoyatda kelishicha, Sa’d ibn Abu Vaqqosning duolari ijobat bo‘lmayotgani xususidagi savoliga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Sa’d, haromdan saqlan, chunki qoringa bir luqma harom kirsa, bandaning duosi qirq kungacha qabul bo‘lmaydi”, deya javob bergan ekanlar.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


