Islom

Bolaga yolg‘on gapirmang va uni aldamang, chunki Siz unga namunasiz…

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Abdulloh ibn Omir roziyallohu anhu bunday hikoyani qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning uyda o‘tirgan edilar. Onam meni chaqirdilar: “Qani, bu yerga kelchi, senga bir nima beraman”, dedilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Unga nima bermoqchisan?” deb so‘radilar. Onam: “Bir dona xurmo beraman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agarda unga biror-bir narsa bermasang, senga yolg‘on yoziladi”, dedilar.Farzand tarbiyasida ota-onadan katta mahorat, ulkan mas’uliyat, teran aql va chuqur mulohaza talab qilinadi. Bolaning fe’l-atvorini sinchkovlik bilan o‘rganib, unga mehr va tadbir bilan yondashilsa, inshaalloh, ko‘zlangan maqsadga erishiladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada bizga eng go‘zal namunadirlar. U zot alayhissalom: “Farzandlaringizni hurmat qiling va ularga chiroyli odob o‘rgating”, deb biz ummatlarga shu kabi ko‘plab fazilatli tavsiyalarini berganlar.

Nasihatlariga amal qilgan kishi hatto tunda ham yo‘lidan adashmay, qoqilmay manziliga yetadi. U zot alayhissalom bolalarga salom berish va unga munosib alik olishni o‘rgatishdan boshlaganlar. Ko‘chadan o‘tib ketayotib ham ularga birinchi salom berganlar.

Anas roziyallohu anhu aytadi: “Men bolalar bilan o‘ynayotganimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yonimga kelib, bizga salom berdilar”.

U kishidan yana bir rivoyatda: “Ey o‘g‘lim, ahli oilang huzuriga kiradigan bo‘lsang, salom ber. Chunki saloming senga va oilanga baraka keltiradi”, deb marhamat qilganlar.

Farzandlarni jazolashda o‘ta qattiqqo‘llik yaramaydi. Jazo unga yarasha bo‘lishi uchun yuzga urish yoki tupurish va boshqa narsalar bilan bola tahqirlanmaydi. Chunki yuz mukarramlik belgisidir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan biringiz uradigan bo‘lsa, yuzga urishdan saqlansin”, deb marhamat qilganlar.

O‘g‘rilik barcha davrlarda insonlarning nafratiga sazovor bo‘lgan jirkanch odatdir. U ijtimoiy muhitni izdan chiqaradi va jamiyatni tanazzulga olib boradi. Ayrim ota-onalar farzandlarining yoshlikda qilgan o‘g‘irligiga beparvo bo‘lib, qilmishini go‘daklikka yo‘yadilar. Bu muthish xatodir. Bunday beparvolik bolada o‘zgalar moliga xiyonat qilishdan qo‘rqmaslik hissini uyg‘otadi.

Mahkamalardan birida o‘g‘rilik bilan qo‘lga tushgan o‘g‘rini jazolashga hukm chiqariladi. Hukm ijro etiladigan kun kelganda o‘g‘ri ovozining boricha bunday deb baqiradi: “Meni emas onamni jazolang. Birinchi bor qo‘shnimiznikidan tuxum o‘g‘irlaganimda u meni koyimadi va egasiga qaytarib berishimni talab qilmadi. Aksincha, qilgan ishimdan quvonib: Xudoga shukr. Mening o‘g‘lim haqiqiy erkak bo‘libdi”, degan edi. “Agar onamning tili bo‘lmaganida edi, men o‘g‘ri bo‘lmasdim”.

So‘kish va haqorat so‘zlarni aytish yoshlar orasida eng ko‘p tarqalgan yomon illatlardandir. Bunda kattalarning “xizmati” katta. Chunki endi tili chiqayotgan bolaga: “Bitta so‘kib qo‘y”, deb yomon odatni singdirib borishadi. Ayrim ota-onalar jahl otiga minib, o‘zaro tortishib uyatsiz so‘zlarni aytishlari farzandlarida ma’naviy ahloqsizlikni shakllanishiga, shuningdek, ularni ko‘cha-ko‘yda qarovsiz qo‘yib, xulqi buzuq bolalar bilan o‘rtoqlashib qolishiga sabab bo‘lishadi. Buning uchun bola tarbiyasi uzluksiz ravishda diqqat markazida turish kerak.

Bugungi kunda ko‘pchilik yoshlar axloqiy me’yorlar butkul tanazzulga yuz tutgan olomoncha madaniyatga ko‘r-ko‘rona taqlid qilayotganlari bois axloqiy buzuqlikka yuz tutmoqdalar. Tarbiyaga mas’ul shaxslar yoshlarni ma’naviy va moddiy hujumlardan himoyalashlari, ularni doimo ezgulik sari chorlab, pand-nasihatlar qilishlari lozim. Yurtimizda ota-onalarga bu borada yordamchi bo‘la oladigan diniy-marifiy, kasb-hunar va sport tashkilotlari bisyor. Ulardan unumli foydalanish barchamizning qo‘limizda.

“O‘zlari imon keltirib, zurriyotlari ham ularga imon bilan ergashgan zotlarga o‘sha zurriyotlarini ham qo‘shamiz. Ularga qilgan amallaridan biror narsani kamaytirmaymiz. Har bir kimsa o‘zi qilgan ishi bilan garovlangandir” (Tur surasi, 21 oyat).

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.