Islom

Asl mo‘min yomonlik qilganga yaxshilik qiladi, aloqani uzgan kishi bilan aloqani tiklaydi va arazlagan kishi bilan so‘zlashadi

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Dinimiz insonni har tomonlama yetuk va barkamol bo‘lishga chorlaydi. Ayniqsa, chiroyli xulq bilan bezanib umr guzaronlik qilishlikka katta ahamiyat beradi. 

Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam (s. a. v.) “Men go‘zal xulqlarni takomiliga yetkazish uchun yuborildim”, deganlari buning yorqin dalilidir. Oisha roziyallohu anhu onamizdan Rasululloh s. a. v. ning xulqlari haqida so‘rashganda “U Zotning xulqlari Qur’on edi” deganlar. Zero, Alloh o‘zining kalomi Qur’onda insonlarni yaxshilikka, chiroyli xulq egasi bo‘lishlikka amr etadi.

“Fussilat” surasining 34-oyatida “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Siz (yomonlikni) go‘zalroq (muomala) bilan daf eting! (Shunda) birdan siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq (qalin) do‘stdek bulib qolur”, deb Alloh taolo marhamat qiladi. Ushbu chaqiriq bizni yaxshilik sari undaydi. Shu sabab Payg‘ambarimiz s. a. v. ba’zi kishilardan yomonlik ko‘rsalar ham ularga faqat yaxshilik qaytarganlar. Bunday yuksak axloqni ko‘rganlar u Zotga muhabbat ila ergashganlar. 

Boshqa bir oyati muborakda esa “Unga (yaxshilik sifatiga) faqat sabr qilganlargina erishur. Unga faqat ulug‘ nasiba egasi bo‘lganlargina erishur” deyiladi. Demak, yomonlikka yaxshilik ila javob qaytarishlik faqat sabrli kishilargagina xos xislat ekan.

Payg‘ambarimiz s. a. v. Alloh taolo u kishiga vahiy qilgan oyatlarga qay tarzda amal qilganlari bizga tarixdan ma’lum. Zero, u zotning hayoti sabr istagan, yaxshilik xohishida bo‘lganlarga go‘zal namunadir. Jumladan, nubuvvatning o‘ninchi yili Hijozning Toif shahrida bo‘lganlarida u yerlik aholi U zotni toshbo‘ron qilib qattiq tahqirlaydilar. Hatto kovushlari muborak badanlaridan oqqan qon bilan to‘lgan. Shunga qaramay, Rasululloh s. a. v. ularni kechirdilar va yomonlikni ravo ko‘rmadilar.

Darhaqiqat, ta’zirini berish va qasdini olishga imkon bo‘la turib kechirishlik, rahm qilishlik insoniylikning eng yuqori ko‘rinishi sanaladi.

Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlash lozimki xalqimiz kechirimli va bag‘rikengdir. Tarixga  nazar solsak ham ajdodlarimizning naqadar matonatli, sabrli, kechirimli bo‘lganini ko‘ramiz. Jumladan, Amir Temur bobomiz o‘ziga nisbatan xiyonat qilgan, ammo bosh egib kelganlarni ham kechirib yuborganlar.

Bugungi kunda adashib, noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan insonlarni bag‘rikeng xalqimiz va hukumatimiz aybidan o‘tmoqda. Bu, o‘z navbatida, yuksak muruvvatning belgisidir.

Imom Gʻazzoliy quyidagi hadisi qudsiyni keltiradilar: “Ey insonlar! Aniqki sizlarga Parvardigoringiz tomonidan qalblarga shifo bo‘lib pand-nasihat keldi. Nega faqat sizga yaxshilik qilgan kishiga yazshilik qilasiz, sizga bog‘langan kishigagina bog‘lanasiz, sizga taom bergan kishigagina taom berasiz, sizni hurmat qilgan kishinigina hurmat qilasiz?! Birovning yana birovdan afzal joyi yo‘q, balki mo‘minlar shunday kishilarki, Allohga va Rasuliga imon keltiradilar, yomonlik qilganga yaxshilik qiladilar, aloqani uzgan kishi bilan aloqani tiklaydilar, arazlagan kishi bilan so‘zlashadilar. Albatta, Men sizlardan xabardor Zotdirman”.

Yomonlikka faqatgina yaxshilik bilan javob qaytarish natijasida inson o‘zi va jamiyat uchun namunali ish qilgan bo‘ladi. Buning samarasida jamiyatda bir qancha axloqsizliklar, jinoyatlar oldini olinadi. Inson qilgan yaxshiligiga yarasha ajr-savobga ega bo‘ladi, sabr-toqati natijasida Alloh nazdida martabasi ulug‘lanadi va jamiyat orasida hurmati ortadi.

Ulug‘larimiz yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarish hamma insonlarning ham qo‘lidan kelishini, biroq yomonlikka yaxshilikni faqatgina mard insonlar qila olishini quyidagi maqol bilan ifodalaydilar:

Yaxshilikka yaxshilik har kishining ishidur,
Yomonlikka yaxshilik er kishining ishidur.

Zero, uch ezgu amal borki, ular jannat ahlining amalida namoyon bo‘ladi: yomonlik qiluvchiga yaxshilik qilmoq; zulm qilgan kishini kechirib yubormoq; biror narsadan mahrum qilgan kishiga yana narsa bermoq. 

Alloh taolo barchamizni iymonda, go‘zal axloqda sobit aylab, yaxshilikda bardavom qilsin.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.