Islom

Munofiqning eng xavfli belgisi nima?

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Omonat so‘zi imon so‘zidan yasalgandir. Allohning amrlaridan tashkil topgan omonatni kim yaxshi muhofaza qilsa, Alloh ham uning imonini yaxshi muhofaza qiladi. Shuning uchun ham Rasululloh shunday buyuradilar:

“Omonatni yaxshi saqlamaganning imoni yo‘qdir. Ahdida turmaganning dini yo‘qdir”.

Manbalarda omonatning ikki turi borligi qayd etilgan: Alloh bilan insonlar o‘rtasidagi omonat hamda odamlarning bir-birlariga bo‘lgan omonati.

Hammamiz tahorat va namozga, ro‘za tutishga omonatdormiz. Moldan zakot berish, Alloh harom qilgan narsalardan chetlashish va gunohlarni tark etishga ham omonatdormiz. Namoz uchun safga turib, qiroat qilmasak, maxfiy o‘qiladigan namoz vojibotlarini bajarmasak, buni biror kishi sezmasa ham Alloh taolo bilib turadi. Xilvatda ma’siyat va gunohlarga g‘arq bo‘lsak ham, Alloh bilib turadi. Demak, omonat Alloh insonlarga farz qilgan barcha ibodatlarni qamrab oladi.

“U sizni o‘zingiz (namoz uchun) turayotgan vaqtingizda ham, sajda qiluvchilar (namoz o‘quvchilar) orasida (imom bo‘lgan holingizda namoz ruknlarining biridan ikkinchisiga) o‘tayotgan vaqtingizda ham ko‘rib turadi. Shak-shubhasiz, U eshituvchi va biluvchi Zotdir” (Shuaro, 218–220).

Odamlarning bir-birlariga bo‘lgan omonati esa ularning haqlariga rioya qilishdir. Hadisi sharifda omonatga xiyonat qilish munofiqning alomati ekani aytilgan:

“Munofiqning alomati uchta bo‘ladi: gapirsa yolg‘on gapiradi, va’da bersa vafo qilmaydi, omonat qo‘yilsa, xiyonat qiladi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

“… Agar bir-biringizga omonat qo‘ysangiz, omonat qo‘yilgan kishi omonatni ado qilsin va Allohdan qo‘rqsin” (Baqara, 283).

“Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi” (Niso, 58).

Omonatga xiyonatning bir qancha ko‘rinishlari bor:

  1. Egasi ishlatishga ruxsat bermagan narsani ishlatish.
  2. Omonatdan tonish.
  3. Badandagi yoki mol-mulkdagi foydani yo‘qotish.

Manbalarda omonatdor bo‘lish uchun quyidagilarni anglab, amal qilish zarurligi ko‘rsatilgan:

  1. Alloh tomonidan insonlarga farz qilingan barcha ibodatlarni ado qilish shart ekanini anglash.
  2. Parvardigor barcha narsani ko‘rib, bilib turuvchi Zot ekanini, undan hech narsa maxfiy bo‘lmasligini hamda insonlararo omonatlarni ado etish shartligini his etish.
  3. Bu omonatlarni xoh maxfiy, xoh oshkora ado etsa, dunyo va oxiratda ulkan ajr va savobga ega bo‘lishini chuqur tushunib yetish.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.