Buxoro yangiliklari
Buxoroda “Quyoshga qo‘l cho‘zgan odam” yangi spektakli sahnalashtirildi
Buxoro viloyat musiqali drama teatrida taniqli yozuvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Qo‘chqor Norqobil qalamiga mansub “Quyoshga qo‘l cho‘zgan odam” dramasi sahnalashtirildi.
Yangi asarga yosh rejissyor Orziqul Primov rejissyorlik qildi. Spektakl O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi badiiy kengash a’zosi, teatrshunos, “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni sohibi Tohir Do‘stmuhammedov hamda Teatr arboblari uyushmasi mutaxassisi Baxtiyor Samiyev ishtirokida ko‘rib chiqildi. Mutaxassislar yangi sahna asari haqida iliq fikrlar bildirib, spektakl qabul qilindi.
“Quyoshga qo‘l cho‘zgan odam” dramasi real hayot voqealari va fidoyi muallim taqdiriga bag‘ishlangan. Unda Qorako‘lda O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida matematika va fizika fanlariga ixtisoslashtirilgan ilk xususiy maktabni tashkil etgan To‘xtamurod Jumayevning hayoti va faoliyati hikoya qilinadi.
Asarda chuqur bilim va qat’iy intizomga asoslangan yangi maktab faoliyatini yo‘lga qo‘yish oson kechmagani ochib beriladi. Bosh qahramon To‘xtamurod muallimning o‘z maqsadi yo‘lida duch kelgan qiyinchiliklari, turli byurokratik to‘siqlarni yengib o‘tishi va oxir-oqibat maktab tashkil etishga erishishi voqealar rivojining asosini tashkil qiladi.

Shu bilan birga, spektaklda uning tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan, og‘ir vaziyatlarda yonida turgan va maqsadini amalga oshirishga ko‘maklashgan insonlar taqdiri ham yoritilgan. Voqealar orqali o‘sha davrdagi ta’lim muhiti, yangilik yaratishga bo‘lgan intilish va buning ortidagi mashaqqatlar tomoshabinga yetkazib beriladi.
Spektakldagi bosh qahramon — To‘xtamurod muallim obrazini Buxoro viloyat musiqali drama teatrining oliy toifali drama artisti, “Shuhrat” medali sohibi, taniqli aktyor Anvar Mavlyanov gavdalantirdi.
Shuningdek, sahna asarida teatr aktyorlari Jamila Shodmonova, Shodi Subhonov, Baxtiyor Pirmatov, Mashhura Karimova, Faxriddin Shomurodov, Bahrom Boltayev, Islombek Islomov, Hamid Islomov, Amir G‘afforov va Nurillo Cho‘liyev turli obrazlarni ijro etdilar.
Spektaklning sahnalashtiruvchi rassomi — Farhod Hotamov, musiqalar bo‘yicha rejissyori — Yuriy Ismagilov. Chiroq ustalari Xolbek Shomurodov va Shamshod Davronov hamda teatrning boshqa ijodiy va texnik xodimlari yangi asarni sahnaga olib chiqishda ishtirok etdi.

“Quyoshga qo‘l cho‘zgan odam” nafaqat bir muallimning hayot yo‘li, balki yangi g‘oya va ta’lim uchun kurash, maqsad sari qat’iyat bilan intilish hamda murakkab sharoitda maktab yaratishga bel bog‘lagan insonning kechinmalarini sahna orqali hikoya qiladi.
Yaqin kunlarda Buxoro viloyat musiqali drama teatrida “Quyoshga qo‘l cho‘zgan odam” spektaklining keng jamoatchilik uchun premyerasi bo‘lib o‘tadi.
-
20.08.2022Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


