O‘zbekiston

Ayollar ich kiyimlari sotiladigan do‘kon vitrinasini tanqid qilib videomurojaat qilgan toshkentlik jazolandi

photo 1329
Foto: UzNews uz kanali (YouTube)

Loading

“Tadbirkorlik faoliyatiga shaxsiy diniy qarashlar asosida to‘sqinlik qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi” – Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi

2023-yilning 15-fevral kuni internetda Toshkent viloyati, Chirchiq shahrida yashovchi 24 yashar Sh. A. Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Buyuk Ipak yo‘li” metro bekati atrofida joylashgan savdo do‘konlaridan birining reklama bannerlarini tanqid qilib, uning munosabatidan keyin mutasaddi rahbarlar reklama mahsulotlarini olib tashlaganligi xususida keskin fikrlarni bildirgan videomurojaati tarqaldi.

Holatni o‘rganish maqsadida, 16-fevral kuni Sh. A. Chirchiq shahar IIO FMB taklif etildi, – deb xabar bermoqda IIV. O‘tkazilgan suhbat davomida fuqaro yuqorida keltirilgan do‘kondagi reklama bannerlariga nisbatan munosabatini o‘zining diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirganligini maʼlum qildi.

Shuningdek, Sh. A. turli diniy mavzudagi materiallarni amaldagi qonunchilikka zid ravishda ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali tarqatib kelayotganligi aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida” gi Qonuniga asosan o‘tkazilgan profilaktik suhbat davomida mazkur fuqaroga qonunchilik hujjatlari talablari tushuntirib o‘tildi.

“O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida” gi Qonunning 18-moddasida tadbirkorlik faoliyati subyektlari huquqlarining kafolatlari belgilangan. Jumladan, tadbirkorlik subyekti mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka o‘z xohishiga ko‘ra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi”, – deyiladi Toshkent shahar IIBB e’lon qilgan xabarda.

Mazkur qonunning 35-moddasiga binoan, tadbirkorlik faoliyati subyekti o‘z ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan maʼlumotlarga raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Bunday maʼlumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini va maʼnaviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli.

Shunday ekan, turmushda va jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar o‘zlarining shaxsiy diniy va axloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha ko‘rinishda aralashishi mumkin emas. Ushbu tartibga qarshi har qanday insonlarning harakati qonun asosida qatʼiy taʼqib qilinadi.

Taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan, sud idoralari tomonidan fuqaro Sh. A. ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-2-moddasiga (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) asosan, bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Hurmatli fuqarolar! Turli millat va konfessiya vakillari istiqomat qiladigan jamiyatimizda qonun bilan o‘rnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan munosabatlarga qarshi har qanday turdagi nojoiz gap-so‘z va saʼy-harakatlar aholi orasida tushunmovchiliklar yuzaga kelishiga va turli muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Jamiyatda qabul qilingan yurish-turish qoidalarini hurmat qilgan holda, milliy qonunchiligimizga itoatkor bo‘lishga chaqiramiz.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.