O‘zbekiston
Nozimjon Xolmurodov yangi tashkil etilgan vazirlikda birinchi o‘rinbosar sifatida ish boshlaydi
Bugun, 20-fevral kuni O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi hukumat va vazirliklar tarkibidagi bir qator tayinlovlar haqida xabar e’lon qildi.
Jumlada, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Nozim Xolmurodov investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari, Olimxon Rustamov, Xurram Teshaboyev, Oybek Xamrayev, Sarvar Xamidov, Baxriddin Abidovlar investisiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosarlari etib tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, N. Xolmurodov bungacha ham Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari (unga qadar esa Buxoro viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari) lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Biroq, 23-yanvar kuni Prezidentning “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni qabul qilinib, unga ko‘ra, vazirliklar sonini 25 tadan 21 tagacha qisqartirish (bir nechtasini birlashtirish) bo‘yicha taklif ma’qullandi.
2023-yilning 1-yanvaridan Vazirlar Mahkamasi tizimini quyidagi vazirliklar tashkil etishi belgilangan:
1. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
3. Tog‘-kon va geologiya vazirligi;
4. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;
5. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi;
6. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
7. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi;
8. Tabiat resurslari vazirligi;
9. Yoshlar siyosati va sport vazirligi;
10. Qishloq xo‘jaligi vazirligi;
11. Suv xo‘jaligi vazirligi;
12. Raqamli texnologiyalar vazirligi;
13. Adliya vazirligi;
14. Transport vazirligi;
15. Madaniyat va turizm vazirligi;
16. Mudofaa vazirligi;
17. Energetika vazirligi;
18. Sog‘liqni saqlash vazirligi;
19. Tashqi ishlar vazirligi;
20. Ichki ishlar vazirligi;
21. Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Shuning uchun, Nozimjon Xolmurodov o‘z vazifasida qolib (faqat vazirlik nomi o‘zgarib, kengaydi), kasbiy faoliyatini davom ettiradi, deyish mumkin. Quyida uning biografiyasi bilan tanishishingiz mumkin:
Xolmurodov Nozimjon Qosimovich 1977-yili Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1998-yilda Turkiya Respublikasi Gazi universitetini, 2005-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.
1998–2001-yillar – O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi huzuridagi iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasi korxonalar monitoringi va moliyaviy-xo‘jalik faoliyati tahlili boshqarmasi yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i;
2001–2005-yillar – O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasi Korxonalar monitoringi va moliyaviy-xo‘jalik faoliyati tahlili boshqarmasi boshlig‘i;
2005–2006-yillar – O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi monopolist va iqtisodiy nochor korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy ahvolini tahlil qilish va tarkibiy o‘zgartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari;
2006–2010-yillar – O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi Toshkent shahar hududiy boshqarma boshlig‘i;
2010–2013-yillar – Toshkent shahar monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarma boshlig‘i;
2013–2015-yillar – O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi iqtisodiy nochor korxonalarni sog‘lomlashtirish va tarkibiy o‘zgartirish bosh boshqarmasining moliyaviy-iqtisodiy tahlil va iqtisodiy nochor korxonalarni tarkibiy o‘zgartirish boshqarmasi boshlig‘i;
2015–2017-yillar – Mehnat vazirligi Mehnat muhofazasi va mehnat sharoitlari ekspertizasi boshqarmasi boshlig‘i;
2017–2018-yillar – O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hududlarning turizm salohiyatini rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i;
2018–2018-yillar – Buxoro viloyat hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
2018–2019-yillar – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi investitsiya jarayonlari va dasturlarini muvofiqlashtirish sho‘basi mudiri;
2019–2021-yillar – O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari;
2021–2022-yillar – Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari;
2022–2023-yilning 20-fevraliga qadar – O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari;
2023-yilning 20-fevralidan – O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi