Mashhurlar

Yulduz Usmonova bilan duet kuylab, mashhurlikka erishgan Malik asli buxorolik ekanligini bilasizmi? — video

photo 1335
Foto: Instagram (malik_singer1)

Loading

“Daryo” nashrining YouTube dagi kanalida yosh xonanda Malik bilan suhbat tashkil etildi. Yulduz Usmonova bilan kuylagan duetlari bilan mashhurlikka erishgan qoʻshiqchi futbolchi bo‘lish orzusi amalga oshmagani, bir necha bor institut imtihonlaridan “yiqilgani” va Yulduz Usmonova bilan qanday tanishgani haqida so‘zlab berdi.

— Bolaligimdan nafaqat sanʼatga, balki futbolga ham qiziqishim yuqori bo‘lgan. Chapaqay bo‘lsam ham olg‘ir hujumchi edim. Maktab termasida yaxshi o‘ynaganim uchun tuman termasiga ham taklif etishgan. Ammo sanʼat va futbolni birdek olib ketolmasligimni o‘ylab, ikkisidan birini tanlashimga to‘g‘ri kelgan. Bir paytlar futbolchi bo‘lishni chin dildan orzu qilgandim. Sanʼatkor bo‘lish haqidagi qarorim dadamga yoqmagan. U kishi muhandis bo‘lgani uchun shu sohani egallashimni istardi.

photo 05 97

Birinchi yili Navoiy davlat konchilik institutiga hujjat topshirdim. Eng past ball to‘plab, kirish imtihonidan “yiqildim”. Undan keyin arxitektura va politexnika institutlariga hujjat topshirdim. Mana shunday keyin dadam sanʼat institutiga hujjat topshirishimga qarshi bo‘lmadi.Bir urinishdayoq sanʼat institutiga qabul qilindim. Angladimki, inson o‘zi istagan ishni qilsa unga hammasi oson bo‘ladi, — deydi xonanda Malik. Xonanda talabalik paytida ham ishlashga majbur bo‘lgani, ustoz sanʼatkorlar bilan to‘y-hashamlarga borganda ularga havas qilgani haqida so‘zlab berdi.

— Toshkentga kelganimda ko‘p qiyin kunlarni boshdan o‘tkazganman. U paytlari Toshkentda hovli va challar marosimlarini o‘tkazish rosa avj olgan paytlar edi. Muxtor aka, Saida Rametova bilan to‘ylarga borardi. Men ham ularning jamoasi bilan to‘ylarga borib, pul teruvchilik vazifasini bajarardim. Undan keyin Sharof Muqimov bilan to‘ylarga bordim. Pul terib yoki sozandalarning asbob-uskunalarini tashib pul topgan kunlarimni hech qachon unutmayman. Mashhur sanʼatkorlarga havas qilib, shunday kunlarga erishishni orzu qilganman, — deydi xonanda Malik. Bastakor Malik Jasur Umirovga “Atirgul” qo‘shig‘i yoqib qolgani va uni $500 evaziga sotgani haqida so‘zlab berdi.

— Arxitektura institutiga kirolmagan yilim sobiq Mirzo Ulug‘bek bog‘ida karaoke xonada ishlardim. Ertalabdan borib qo‘shiq kuylardim, mijozlar kelsa, ularga musiqa qo‘yib berardim. Fahriddin degan yigit oldimga kelib yurardi. Taqdir taqozosi bilan u Jasur Umirovga maʼmur bo‘ldi. O‘sha paytda unga “Atirgul” degan qo‘shiqni eshittirgan ekanman. “O‘sha qo‘shiqni hech kimga bermadingizmi? Siz bilan bitta odam uchrashmoqchi”, dedi. Qo‘shiqlarim yozilgan diskni har doim kurtkamning ichki cho‘ntagida saqlardim. Ho‘p deb kelishilgan joyga bordim. Borsam yonimga Jasur Umirov keldi. Xonandaga qo‘shiq maʼqul bo‘lib, $500 berdi. Bu men qo‘limga olgan ilk katta gonorar edi, — deydi xonanda Malik.

U O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bilan qanday tanishgani va unga yozib bergan ilk qo‘shig‘i haqida ham so‘zlab berdi.

photo 02 409

— Hamdam Sobirov bilan bir necha yillik qadrdonmiz. U bilan Moskvaga konsert bergani borganimizda Iskandar ismli aka bilan tanishib qolganmiz. Suhbat paytida bastakor ekanligim va ko‘plab xonandalar bilan hamkorlik qilishim haqida aytib qolganman. U Yulduz Usmonovaning turmush o‘rtog‘i Mansur Agaliyev bilan yaqin ekan. “Opaga ham yaxshi qo‘shiq yozing, tavsiya qilib kuramiz”, dedi. Yulduz Usmonovaga qo‘shiq yozaman degan o‘y-xayolimdan ketmadi. Shoir Abdusaid Salomiy bilan birga “Sevgi” degan qo‘shiqni yozdik. Kechki soat birda uni Iskandar akaga yubordik. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay telefonim jiringladi va Otabek degan yigit bilan bog‘lanishimni aytdi. Yulduz Usmonova maʼmuri Otabek aka bilan gaplashganimda uyga kelishimni va opa men bilan suhbatlashmoqchi ekanligini aytdi. Otabek aka darvoza yonida kutib olib, juda omadli ekanligimni aytdi. Hayajonim ikki hissa oshib ichkariga kirsam, Yulduz Usmonova jamoasi bilan konsertga tayyorgarlik ko‘rayotgan ekan.

photo 03 261

“Sevgi” qo‘shig‘imni eshitib, “Yana qanday qo‘shiqlaring bor?”, dedi. “Yor biyo” ni eshittirsam, “Hech qayerdan o‘g‘irlamagansan-a?” dedi. “Sevgi” ni yakka holda, “Yor biyo” ni esa duet tarzida aytishni eshitganda, hayajonim ikki hissa oshdi. Chunki, qishloqda qo‘llarim qovarib, jo‘xori poyasi qo‘limni kesib yuborgan paytida primadonna bilan duet kuylash xayolimga ham kelmagandi, — deydi xonanda Malik.

photo 01 215

Qayd etish kerakki, u 1990-yilda tugʻilgan.

Qoʻshiqchi shuningdek, oʻzining Instagram sahifasida Buxoro uning ona shahri ekanligini yozib post qoldirgan.

Quyida “Daryo” nashri uyushtirgan intervyuning toʻliq versiyasini tomosha qilishingiz mumkin:

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.