Mashhurlar

Men ham juda “duxi” baland qiz edim – Manzura

photo 18

Loading

Xonanda Manzuraning ijod olamiga kirib kelganiga 27 yil bo‘ldi. Bu yil 45 yoshni qarshilagan ijodkor shu kungacha o‘ndan ortiq xit qo‘shiqlar va muvaffaqiyatli rollarni ijro etdi. Bu haqda “Daryo” nashri yozmoqda.

Xonanda intervyularida to‘kis oilada ulg‘aygani va bolalagi go‘zal xotiralarga boy o‘tgani uchun ota-onasidan minnatdor ekanligini taʼkidllaydi.

“— Bolaligim haqiqatan go‘zal o‘tgan. O‘zim ham yuzlari do‘mboq, beg‘ubor qiz bo‘lganman. Juda kichikligimdan boshlab sanʼatga qiziqardim. Dadamning ustaxonasidagi jarayon ham menga zavq ulashardi”, — deydi xonanda Manzura.

Manzuraning otasi o‘z davrining taniqli rassomlaridan biri bo‘lgan. Shu boisdan ham Muborak Yo‘ldoshev qizlaridagi sanʼatga bo‘lgan mehrni erta payqaydi. Besh yoshidayoq qizidagi noyob isteʼdodni sezgan ota, do‘sti Karimxoji bilan maslahatlashib, uni Uspenskiy nomidagi musiqa maktabiga o‘qishga beradi. Yosh xonanda “Neymer” orkestri bilan “Karubina” ariyasini mahorat bilan kuylaydi. Uning ovoz diapazoni tengdoshlariga nisbatan ancha kuchli ekanli ustozlarini ham hayratlantiradi.

Manzuraning tanilishini ko‘pchilik “Tohir va Zuhra” filmidagi “Manzura” qo‘shig‘i va unga ishlangan klip bilan bog‘lashadi. Noodatiy imij va qo‘shiq Manzuraning odamlar yodida qolishiga sabab bo‘ldi. 2002-yili xonanda uchun omadli keldi. U “Nihol” nomidagi davlat mukofotini qo‘lga kiritdi. Prodyuseri Rustam Saʼdiyev uning aktrisalik mahoratini payqab, o‘zi suratga olgan “Muhabbat sinovlari” filmiga taklif etdi. Xonanda ijro etgan rol ham, unga kuylagan saundtrek ham tomoshabinlar orasida ommalashadi. Shundan so‘ng aktrisani film saundtreklariga va syomkalariga ko‘p taklif etadigan bo‘lishdi. Albatta, bunda prodyuseri Rustam Saʼdiyevning hissasi katta.

2007-yilda xonandani texnologik film bo‘lgan “Sevginator”ga taklif etishadi. 3 yil davomida Munavvara Abdullayevadan aktyorlik mahoratidan saboq olgan Manzura ikkita obrazni gavdalantirishi kerak edi.

“— “Sevginator”da rol ijro etishni unchalik istamaganman. Hatto ertasi kuni syomka deyilganda ham “O‘rnimga xonanda Lolani olinglar” deganman. Shunda rejissor yonimga kelib, “Sizdek sovuq yuz boshqa yo‘q-da” degan”, — deydi xonanda Manzura.

Xonanda intervyularining birida u va jamoasiga qilingan suiqasd, jiddiy shikast yetkazishgani va asirga olishgani haqida aytib o‘tgan.

“— Bundan yigirma yilcha avval to‘yda jamoadagi bolalarimni urmoqchi bo‘lib, pichoq bilan kelib, o‘ldirib yubormoqchi bo‘lishgan. Men ham juda “duxi” baland qiz edim. Otdan tushsam ham, egardan tushmaganman. Ular nima degan bo‘lsa, xuddi shunday javob qaytarganman. Har xil gap-so‘zlardan so‘ng, ular bizni qo‘yib yuborishgan. Ular bizni o‘rab olib, asir qilib qo‘yishgandi. Maʼmurimni tepishgan edi”, — deydi xonanda.

Goʻzal va latofatli xonanda Manzura bunday holatlar keyinchalik ham bir necha bor takrorlanganini ham qoʻshimcha qildi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.