Mashhurlar
San’at uchun oilasidan voz kechgan xonanda Umida Mirhamidova
San’atkorlar orasidagi nomi chiqqan, ammo birorta qo‘shig‘i xalq og‘ziga tushmagan san’atkorlar juda ko‘p. Ammo Umida Mirhamidovaning “Oq atirgullar” qo‘shig‘i nomidan ham ko‘proq mashhurlikka erishgan va xonandaning “tashrif qog‘oziga” aylanib ulgurgan. Shaxsiy hayotida omadi kulmagan ijodkorning san’atdagi faoliyati qanday kechgan? “Daryo” nashri muxbirlari ana shu savolga javob izlashdi va quyidagi maqolani taqdim etishdi.
Xonanda Umida Mirhamidova Toshkent viloyatining Parkent tumani, Changchi qishlog‘ida san’atkor Mirsobit Mirhamidov oilasida tavallud topgan. Oila boshi san’atkor bo‘lsa-da, qizining bu sohaning etagidan tutishini istamadi.
— Bolaligim juda go‘zal o‘tgan. To‘ng‘ich farzand bo‘lganim uchun onamning dastyori edim. 3-4 sinfda o‘qib yurgan paytimdayoq chaqaloqni qanday yo‘rgaklash, uxlatishni yaxshi bilardim. San’atga qiziqqanim uchun tuman ijodiyot markazidagi to‘garaklarga qatnardim. 1989-yili maktabni tamomlab, san’at bo‘yicha o‘qiyman deganimda dadam jiddiy qarshilik qilgan. Qishlog‘imiz tog‘lar orasida joylashgani uchun shu yerlarda nomim chiqmay qolib ketamanmi deb, xat yozib uydan ketganman, — deydi xonanda Umida Mirhamidova.
U ota-onasiga xat yozib, avtobusga o‘tirib, Toshkentda yashaydigan xolasining uyiga kelmoqchi bo‘lgani, ammo yo‘ldan adashib qolgani haqida kulib eslaydi.
— Toshkent haqida umuman tasavvurim yo‘q edi. Qishloqdek bir joy bo‘lsa kerak, hamma bir-birini taniydi deb o‘ylabman. Xolamning Qo‘yliqda yashashini bilaman xolos. Go‘yoki shu yerga kelib xolamning nomini aytsam birov uyini ko‘rsatib yuboradi, deb o‘ylaganman. Ammo Toshkentga kelib adashib qolganman va bir ayol menga yo‘lni ko‘rsatib yuborishini aytib, Parkentga ketadigan avtobusga yana o‘tirganman. Ammo ungacha kech tushgan, ota-onam sho‘rlik meni ancha vaqtdan beri izlashayotgan ekan. Mana shu voqeadan keyin qiz bolaga qanchalar qiyinligini va uning har bir qadami ota-onaga malomat yog‘dirishini tushunib yetganman. Chunki mahalla-ko‘y orasida “Qadami o‘zgarib qolgandi“, “Aynibdi”, “Qochib ketibdi”, – degan gaplar tarqalgan.
Mana shu voqeadan keyin Mirsobit Mirhamidov qizidagi san’atga bo‘lgan ishtiyoqning qat’iyligini bilib, poytaxtdagi Yunus Rajabiy nomidagi musiqa bilim yurtiga o‘qishga kirishiga rozi bo‘ladi. 1991-yili bilim yurtini tamomlab, Muqimiy teatriga xor ijrochisi bo‘lib ishga kiradi. Bu yerda Zulayho Boyxonova bilan tanishib, undan qo‘shiq aytish sirlarini o‘rganadi.
— To‘y xizmatlariga ko‘p taklif etishardi. Nasiba Abdullayeva va Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlarini xuddi ulardek aytishga harakat qilardim. Tabiiyki, ijrom boshqalarga ham yoqardi. Bir kuni to‘yda rahmatli Muhriddin Holiqov meni kuzatib turgan ekan. Yonimga kelib “Umida, ijrongiz juda yaxshi. Nahotki, o‘z mualliflik qo‘shig‘ingiz bo‘lishini istamaysiz?”, – degan. O‘ylab qarasam haqiqatan ham 7 yil mobaynida birorta mualliflik qo‘shig‘imni chiqarmagan ekanman. Ana shu gapdan keyin “Sayrang bulbulim” nomli qo‘shiqni ijro etganman. Qo‘shiq xalq orasida tanilishimga sababchi bo‘lgan, — deydi xonanda.
U paytlari ayol xonandalarga sovchi qo‘yadigan insonlar kamdan-kam edi. Ammo Umida Mirhamidovani bir ayol yoqtirib. o‘g‘lining nomidan sovchi bo‘lib keladi.
— Turmushga chiqqanimda 23 yoshda edim. Qaynonam bilan juda iliq munosabatda edik. Katta oilaning yettinchi kelini bo‘lganman. Yarim kechasi to‘ydan qaytib, ertalab ko‘zimni ocholmasdim. Qaynonam esa erta turib, xuddi men supurgandek hovli va ko‘chalarni tozalab qo‘yardi. Aybimni yashirishga harakat qilishini dildan his qilardim. Nihoyatda samimiy, ko‘ngli toza ayol edi. Ammo turmushimiz uzoqqa cho‘zilmadi. O‘g‘lim tug‘ilgach, turmush o‘rtog‘im bilan munosabatlarimiz uzoqqa borolmasligiga ko‘zim yetdi, — deydi xonanda.
Umida Mirhamidova sobiq turmush o‘rtog‘i nihoyatda g‘ururli bo‘lgani va san’at yoki oilani tanlash shart qo‘yilganida, u karyerasini tanlaganini quyidagicha izohlaydi.
— Men san’atdan osonlikcha voz kechib ketolmasdim. San’atda o‘z o‘rnimni topishni chin dildan istardim. Bu vaziyatda turmush o‘rtog‘imga ham oson bo‘lmagan. Chunki, hamma ham ayolning san’atkor ekanligini to‘g‘ri tushunmasdi. Mendan yaxshi ayol chiqmasligi ham aniq edi. Biz kelishgan holda ajrashganmiz. Ammo bu qarorimdan umuman afsuslanmaganman. O‘g‘lim tug‘ilishi kerak bo‘lgan, biz oila qurganmiz. Agar u insonda menga nisbatan ishonch bo‘lganida, ajrashmagan bo‘lardik, — deydi xonanda Umida Mirhamidova.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Umida Mirhamidovaning “Oq atirgullar” qo‘shig‘i hamon o‘z muxlislariga ega, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qo‘shiq premyerasi 2000-yilda o‘tkazilgan. Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay, qo‘shiq hamon muxlislar e’tiborida.
— Bu qo‘shiqni ijro etishni istamaganman, hatto g‘oyasi 2 yilgacha shkafdagi keraksiz qog‘ozlar saqlanadigan qutichada yotgan. O‘zim xushlamay ijro etgan qo‘shiq kutilmaganda muvaffatga erishdi. Rosti, uni to‘ylarda ijro etishga xijolat bo‘laman. Visol oqshomida ayriliq haqida kuylash biroz noqulay. Ammo xalqimizga bu qo‘shiq yoqadi va uni bir necha bor qayta-qayta tinglashdan ham bosh tortishmaydi, — deydi xonanda Umida Mirhamidova.
Bu qo‘shiq Umida Mirhamidovaning xit taronasiga aylanadi. 1994-yilda ijro etgan «Ey nozanin», 2000-yilda ijro etgan «Oq atir gullar» qo‘shiqlari ham xonandaning xit taronalar pog‘onasidan joy oladi. Hozirgi kungacha xonandaning bir nechta musiqiy to‘plamlari muxlislar e’tiboriga havola etilgan. 1999-yilda esa Umida Mirhamidova “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida “Mehmonim bo‘ling” deb nomlangan konsert dasturini o‘z muxlislariga havola etadi.
Umida Mirhamidova bir necha filmlarda komik rollarni ijro etgan, hatto qiziqchilar bilan ko‘plab sahna ko‘rinishlarida ham ishtirok etgan.
— Aktrisalikka da’vom yo‘q, shunchaki tabiatan hazil-mutoyibaga moyilligim bor. Qarindoshlarim orasida so‘zga chechan ayollar ko‘p, balki shu uchun tillm burrodir. Ammo rollarim o‘zimga umuman yoqmaydi, — deydi Umida Mirhamidova.
Xonanda turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgach oila qurmadi. U o‘g‘li Hamidulloni yolg‘iz tarbiyalashni istadi. Hamidullo Sayfullayev ayni kunda hisobchilik sohasida tahsil oladi. U onasi kabi san’atkor emas, balki bank xodimi bo‘lishni afzal ko‘rdi.
— O‘g‘limga otasining yonimizda emasligini bildirmaslik uchun har narsaga tayyorman. Hayotda unga otadek bo‘loldim, kerak paytida moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatladim. Ammo ona bo‘lib, har doim ham yonida bo‘lolmadim. O‘g‘lim hech qachon “Otam nega biz bilan emas”, – degan savolni bermadi. Aksincha, hamisha meni tushundi, — deydi xonanda.
Umida Mirhamidovani ko‘pchilik O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist deb biladi. Ammo u 31 yillik mehnati davomida birorta mukofotni qo‘lga kiritmagan. Xonanda bundan o‘ksinmasligi, muhimi xalq orasida yashayotgan qo‘shiqlari borligini aytadi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi