Buxoro yangiliklari

Buxoroda yana 4 ta tunnel foydalanishga topshirildi

photo
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Keyingi paytda Buxoro tumani markazi hisoblangan Gala-Osiyo shaharchasidan o‘tgan asosiy yo‘l, ya’ni M-37 rusumli avtomagistralida avtomashina va texnikalar harakatidan tirbandlik tez-tez ko‘zga tashlanar, bu hol nafaqat transport haydovchilari, balki shu yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lgan piyodalar uchun ham katta tashvishga aylanayotgani ko‘pchilikka ma’lum. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ 408-sonli qarori asosida Galaosiyo dehqon bozoriga tutash M-Z7 “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining 258,5 km qismida joriy yil iyun oyida piyodalar yer osti o‘tish yo‘li qurilishi boshlangan edi. Bu haqida Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

photo 01
Gala-Osiyodagi tunnel

Bugun, 26-dekabr kuni umumiy qiymati 9,1 milliard so‘mdan iborat inshoot qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Bu o‘z navbatida aholiga o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘ldi. Zero, bu inshoot yo‘ldagi tirbandlikni kamaytirishda, avtomobillar yoqilg‘isi sarfini kamaytirishda, eng muhimi, piyodalar xavfsizligini ta’minlashda qo‘l keladi.

Yerosti o‘tish yo‘lining uzunligi 40 metr, eni 4 metr va balandligi 2,5 metrdan iborat. Inshootni loyihalartirish va ro‘yobga chiqarishda buyurtmachi tashkilot “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” davlat unitar korxonasi hamda bosh pudratchi “Farovon yo‘l servis” MCHJ jamoasi alohida jonbozligi bor. Muhimi, tirband yo‘l muammosi shu taxlid hal qilinayotganidan aholi mamnun va xotirjam.

photo 02 1
“Jondor” avtoshohbekati ro‘parasidagi tunnel

Qayd etish joizki, nafaqat Buxoro shahrida, balki shaharlararo yo‘llarda avtomobil transporti vositalari harakatining ko‘paygani hisobiga yo‘llar me’yoridan ortiq yuklama bilan ishlayotgani bois tez-tez tirbandliklar vujudga kelayotgani hech kimga sir emas. Binobarin, keyingi yillarda davlatimiz rahbarining sohaga oid qator farmon va qarorlariga muvofiq yo‘l infratuzilmasini kompleks takomillashtirish yo‘nalishida yangi vazifalar va chora-tadbirlar belgilangani tizim faoliyatini rivojlantirishda asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ana shu sa’y-harakatning bir ifodasi sifatida ayni yangi yil shodiyonasi oldidan Jondor, Qorako‘l, Olot tumanlariga ketiladigan “Jondor” avtoshohbekati ro‘parasida ham qulay va zamonaviy uslubdagi yer osti piyodalar o‘tish yo‘li barpo qilinib, foydalanishga topshirilgani yurtdoshlarimizga bayram tuhfasi bo‘ldi.

E’tiborlisi, yer osti piyodalar o‘tish yo‘li kechayu kunduz yorug‘lik bilan ta’minlanadi. Shuningdek, bu yerda maxsus kuzatuv moslamalari ham o‘rnatilgan. Qolaversa, nogironlar aravachasidagi odamlar uchun ham qulayliklar yaratilgan.

photo 03
Buxoro shahridagi Markaziy dorixona binosi oldidagi tunnel

Aytish mumkinki, Buxoro shahrida eng gavjum va tirband nuqtalardan biri sanalgan Qayum Murtazoyev ko‘chasi, markaziy dorixona binosi oldida bajarilgan loyiha tufayli endilikda undan bir kecha-kunduzda 5 mingdan kam bo‘lmagan yo‘lovchi foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. Joriy yil sentyabr-dekabr oylari davomida obyektning qurilish ishlari ikki smenada tashkil qilinib, unda qirqqa yaqin ishchi-xodim va yigirmaga yaqin maxsus texnika kuchi jalb qilingan.

Mazkur yer osti piyodalar o‘tish yo‘lining umumiy qiymati esa 4 milliard so‘m bo‘lib, uning uzunligi 32 metr, eni 4 metr va balandligi 2,5 metrni tashkil qiladi. Bunda buyurtmachi tashkilot “Buxoro mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi bo‘lsa, bosh loyihachi “Ravon yo‘l loyiha” xususiy korxonasi va shuningdek, inshootni o‘z vaqtida va sifatli qurib bitkazishni bosh pudratchi sifatida “Buxoro ko‘priklardan foydalanish” davlat muassasasi o‘z zimmasiga olgandi.

Yangi yil bayrami arafasida mazkur inshoot ham foydalanishga topshirildi.

photo 04
Buxoro davlat universiteti oldidagi tunnel

Muhammad Iqbol ko‘chasida, Buxoro davlat universiteti oldida bunyod etilgan zamonaviy uslubdagi yer osti piyodalar o‘tish yo‘li inshootining umumiy qiymati 6,4 milliard so‘mni tashkil qilib, uning yo‘lak uzunligi 38 metr, eni 4 metr va balandligi 2,5 metrdan iborat. O‘tgan oylar davomida bu yerda “Buxoro mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi buyurtmasi asosida bosh pudratchi “Buxoro muntazam yo‘llardan foydalanish korxonasi” davlat muassasasi ishchi-mutaxassislari o‘z bilim va kasbiy mahoratlarini namoyon qildilar. Obyekt bo‘yicha bosh loyihachi “Ravon yo‘l loyiha” xususiy korxonasi hisoblanadi.

Yer osti o‘tish yo‘li o‘ziga xos me’moriy yechimga ega, u milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan holda qurilgan.
Inshootlarning foydalanishga topshirish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov barchani yangi inshootlar va qolaversa, Yangi yil bilan samimiy muborakbod etar ekan, avvalo, manzili sari oshiqqan har bir yo‘lovchi sog‘ va xavf-xatarsiz o‘z manziliga yetib olishi zarurligi, zero, bu sa’y-harakat zamirida “Inson manfaatlari har narsadan ustun” degan hayotiy va xalqparvar tamoyil yotganini e’tirof etdi.

Ta’kidlanganidek, joriy yil viloyatimizda o‘ziga xos bunyodkorliklar yili sifatida tarixda qolmoqda.

O‘tgan oylarda bosqichma-bosqich tarzda aholi serqatnov bo‘lgan to‘rtta hududda piyodalarning harakatlanishida qulaylik yaratish maqsadida yer osti yo‘llari qurib foydalanishga topshirilgan edi. Bugun esa yana to‘rtta yer osti yo‘li ochildi. Bu bilan buxoroliklarga xizmat ko‘rsatayotgan o‘ziga xos me’moriy yechimga ega yerosti piyodalar o‘tish tunneli soni 8 taga yetkazildi. O‘rganishlar va talablardan kelib chiqqan holda shaharning gavjum nuqtalarida yer osti piyodalar o‘tish yo‘llari sonini yanada ko‘paytirish, bu bilan yo‘lovchilar xavfsiz harakatlanishini ta’minlash, avtotransport vositalari harakatini tartibga solish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Viloyatda kelgusi 2024 yilda yana 15 taga yaqin gavjum chorraha va tirband yo‘l bo‘yida yer osti va usti piyodalar o‘tish yo‘llarini barpo etish ko‘zda tutilmoqda.

Tadbirda yer osti piyodalar o‘tish yo‘llari qurilishida alohida jonbozlik ko‘rsatgan yo‘lsoz muhandis-quruvchilar mehnati alohida e’tirof etildi. Ular munosib rag‘batlantirildi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.