O‘zbekiston

“Abu Saxiy” bozori sobiq rahbarining qizi va nevarasi o‘g‘irlab ketilib, $10 000 000 garov puli so‘ralgan

photo
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Buxoroisharif.uz manbasiga ko‘ra, voqea o‘tgan yilning mart oylarida sodir bo‘lgan.

Xususan, manbaning qayd etishicha, “Abu Saxiy” bozorining sobiq rahbari, hozirda Buyuk Britaniyada yashab kelayotgan D. A. dan pul undirish maqsadida bir nechta shaxslar uning Oʻzbekistondagi oila aʼzolarini oʻgʻirlashgan.

2023-yilning 9-mart kuni ertalab D. A. ning qizi farzandini bogʻchaga olib ketayotganida ularning yoʻlini toʻsib, soxta qurol bilan qoʻrqitib olib qochishgan. Shuningdek, jabrlanuvchilarning qimmatbaho buyumlari (jami bahosi 250 million soʻm) ham olib qoʻyilgan. Jinoyatchilar bu ishni amalga oshirishda ijaraga olingan mashinadan oʻgʻirlangan raqam taqib foydalanishgan.

D. A. ning qiziva nevarasi ijara uyga olib ketilgan va ularning mashinasi izlardan tozalanib, Yashnobod tumanidagi 145-sonli avtosaroy hududida qoldirib ketilgan. Shundan soʻng, ushbu shaxslar D. A. ning yordamchisiga bogʻlanib, uning yaqinlari Oʻzbekistondan olib chiqib ketilganini bildirib, koʻrsatilgan kripto-hamyonga maʼlum vaqt ichida $10 000 000 ni oʻtkazishini talab qilgan.

Biroq, olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida ushbu shaxslar qoʻlga olinib, jabrlanuvchilar uyiga qaytarilgan.

Aniqlanishicha, D. A. ning qizi va nevarasining yashash manzillari va boshqa maʼlumotlar ularning shaxsiy haydovchisi J. M. tomonidan berilgan. Jami esa jinoyatni amalga oshirishda 9 kishi qatnashgan bo‘lib, jinoiy guruh aʼzolarining har biriga maʼlum vazifalar yuklatilgan boʻlib, bir nechtasiga oʻgʻirlanishi lozim boʻlgan shaxslar haqida, xususan, manzil va vaqti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻishgan, boshqalari esa kerakli jihozlar, avtomobil va u uchun raqam, ijara uylarni topgan. Shuningdek, Qozogʻistondan Oʻzbekistonga oʻtib kelgan ularning jinoiy sheriklari hududni oʻrganish, jabrlanuvchilarni ushlab turish, ruhiy va jismoniy tazyiq oʻtkazish hamda vaziyat boʻyicha Amerikadagi “Roxa” laqabli shaxsga maʼlumot yetkazib turish bilan shugʻullangan. Harakatlarda bevosita qatnashish evaziga katta miqdordagi pul vaʼda qilingan.

Qoʻlga olingan shaxslarning tergov jarayonlarida bergan koʻrsatmalarida ularning bir nechtasi vaʼda qilingan katta miqdordagi pul uchun ushbu harakatni sodir etganliklarini bildirgan boʻlsa, ayrimlar D. A. ga shaxsiy adovati borligini maʼlum qilgan.

Jumladan, haydovchi J. M. boshligʻi unga nisbatan doimiy qoʻpol va adolatsiz munosabatda boʻlib kelganligi uchun ham shu ishga qoʻl urganligini bildirgan.

Yana bir jinoyatchi M. I. ning aytishicha, 2022-yilda unga D. A. ga Oʻzbekistonga Turkiyadan mahsulotlar olib kirishiga “Abu Saxiy” ning norasmiy rahbari “Hoji Uygʻur” laqabli shaxs toʻsqinlik qilayotganini aytib, uni yoʻqotish uchun odam topishni, evaziga $1 000 000 berishni vaʼda qilgan. Biroq, M. I. bir nechta chechen millatiga mansub shunday odamlarni topganida D. A. aloqani uzib, telefonlariga javob bermay qoʻygan. Yollanishi kutilgan shaxslar esa haydovchini siquvga olgan va ovora qilgani uchun oila aʼzolari bilan unga tahdid qilgan.

Shuningdek, qoʻlga olingan shaxslardan yana biri B. B. katta pul evaziga Qozogʻistondan mana shu ish uchun kelganini, biroq belgilangan vaqtda unga ham vaʼda qilingan pul mablagʻlari berilmagani uchun jabrlanuvchilarni oʻzi taksi buyurib, uyiga qoʻyib yuborganini bildirib, koʻrsatma bergan.

Kuni kecha ushbu ish boʻyicha sud ishi yakunlanib, barcha jinoyatchilar bir qancha moddalar bilan aybli deb topilib, ularga nisbatan 8 yildan 18 yilgacha muddatda uzoq yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Qayd etish kerak-ki, Toshkent shahrida joylashgan “Abu Saxiy” buyum bozori yonidagi avtoturarhohda “Buxoro — Toshkent — Buxoro” yo‘nalishida qatnovchi taksilarning jo‘nash va kelish oxirgi manzili hisoblanadi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.