Buxoro yangiliklari

Buxorodagi “detskaya bolnitsa” ning bir nechta mas’ul xodimlariga nisbatan jinoyat ishi ochilgan

photo
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Buxoro viloyati Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi va boshqa nazorat idoralari tomonidan Buxoro viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 2021-2022-yillar va 2023-yilning 9 oyi davomida budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi ahvoli o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi mansabdor shaxslari bir guruh bo‘lib, oldindan til biriktirgan holda juda ko‘p miqdordagi byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Xususan, tibbiyot markazi tomonidan 30 ta holatda 97484,2 ming so‘mlik mehnat ta’tili to‘lovi xodimlarga noqonuniy ravishda takroran va ortiqcha hisoblab to‘lab berilgan.

Adliya vazirligining 2018-yil 17-martdagi “Yillik mehnat ta’tili vaqtida saqlanib qolinadigan o‘rtacha ish haqi miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risida” gi Nizomning 21-bandida “xodim ta’tildan chaqirib olinsa va ta’tilning qolgan qismi boshqa muddatga ko‘chirilsa, ko‘chirilgan kunlariga to‘g‘ri keladigan to‘langan o‘rtacha ish haqi summasi bajarilgan ish yoki ishlangan vaqt uchun oylik ish haqi hisobiga yoziladi, ta’tilning foydalanilmagan qismi kunlariga haq to‘lash uchun o‘rtacha ish haqi hisoblab chiqiladi” deb belgilangan. Aniqlanishicha, ta’tildan chaqirib olingan xodimlarning foydalanilmay qolgan mehnat ta’tilining qolgan qismi uchun oldindan to‘langan 71758,3 ming so‘mlik mablag‘ xodimlardan saqlab qolinmagan.

Shuningdek, Mehnat kodeksi talablariga zid ravishda, intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan xodimlarga intizomiy jazo chorasi amalda bo‘lgan davrda 11 ta holatda 44092 ming so‘mlik rag‘batlantirish to‘lovlari hisoblab to‘lab berilgan.

Adliya vazirligining 2023-yil 16-yanvardagi “Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” gi qarorida “bir kalendar yili davomida bir xodimga ikki lavozim maoshidan oshmaydigan miqdorda rag‘batlantirish to‘lovlari berilishi” belgilangan bo‘lsada, 4 ta holatda 10 429,9 ming so‘mlik rag‘batlantirish to‘lovlari ortiqcha hisoblab to‘lab berilgan.

photo 03 1

Bundan tashqari, davolash profilaktika muassasalarida davolanayotgan bemorlarning yosh bo‘yicha kategoriyalarga ajratgan holda oziq-ovqat me’yorlarini qo‘llash belgilangan bo‘lsada, barcha bemorlar uchun eng yuqori, ya’ni 18 yoshdagi bolalar uchun qo‘llaniladigan me’yor qo‘llanilgan.

Eng ko‘p ishlatiladigan 14 xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlari o‘rganilganda 2022 yilda 0-1 yoshli bemorlarga 283 156,6 ming so‘m, 1-3 yoshli bemorlarga 57 964,9 ming so‘m, 3-7 yoshli bemorlarga 78 444,1 ming so‘m va 7-14 yoshli bemorlarga 131 157,1 ming so‘m jami 550 722, 7 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan me’yorlarga nisbatan ortiqcha sarflangan. Xuddi shunday, 2023-yilning birinchi yarim yilligida jami 282 294, 6 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan me’yorlarga nisbatan ortiqcha sarflangan.

O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida” gi qonuni talablari asosida tibbiyot markazida xarid komissiyasi tuzilgan. Biroq mazkur komissiya amalda umuman vakolatlarini bajarmagan. Natijada davlat xaridlarini amalga oshirishda muassasa faoliyati uchun xarid qilinadigan xizmatlar yoki tovarlarga tasdiqlangan ehtiyoj shakllantirilmagan. Davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmi belgilanmagan. Ish va xizmatlar bajarilgandan so‘ng topshirish qabul qilish ishlari amalga oshirilmagan. Joriy ta’mirlash ishlari bo‘yicha nuqson dalolatnomalari, loyiha smeta hujjatlari tuzilmagan. Bajariladigan ishlar hajmi belgilanmasdan milliy va elektron do‘konlar orqali xizmatlar sun’iy ravishda xarid qilingan. Xizmatlar qaysi obyektda, qancha hajmda va qanaqa ish turlari bajarilganligi, ish va xizmatlarni kimlar qabul qilib olganligi to‘g‘risida hujjatlar rasmiylashtirilmagan. O‘rganish davrida 1 070 317,4 ming so‘mlik mablag‘lar xizmatlar va ishlarni bajarilganligini tasdiqlovchi qabul qilish-topshirish dalolatnomalari tuzilmasdan asossiz to‘lab berilgan.

photo 02 2

To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, Buxoro viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi mansabdor shaxslarining harakatlarida jami 2 127 099, 1 ming so‘mlik juda ko‘p miqdordagi byudjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK ning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.