Buxoro yangiliklari

AQSh prezidentining Xalqaro nogironlik huquqlari bo‘yicha maxsus maslahatchisi Sara Minkara Buxoroga tashrif buyurdi

photo
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Joriy yilning 12-sentabr kuni Buxoro viloyatiga AQSh Davlat departamentining xalqaro nogironlik huquqlari bo‘yicha maxsus maslahatchisi Sara Minkara boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiyani Turkmanobod — Buxoro chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktida Buxoro viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari – viloyat turizm boshqarmasi hamda madaniy meros bosh boshqarmasi boshligʻi Botir Shahriyorov boshqa rasmiylar bilan birga kutib oldi.

Ma’lumot uchun, Sara Minkara global miqyosda Livan, Malayziya, Nikaragua, Ruanda, Tailand va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda nogironlik huquqlari va inklyuzivlikni faol qo‘llab-quvvatlaydi hamda jahon miqyosida ijobiy o‘zgarishlar yaratishda tashabbus ko‘rsatadi.

Minkara xonim Uellsli kollejidagi Kennedi maktabi bitiruvchisi bo‘lib, shu paytga qadar Klinton tashabbusi, Massachusets texnologiya instituti (MIT), Forbes 30 Under 30, Ashoka, Harvard, Halsion kabi mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

Tashrif avvalida Minkara xonim viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi. U AQSh Davlat departamentining xalqaro nogironlik huquqlari bo‘yicha maxsus maslahatchisi bilan muloqoti davomida O‘zbekistonda inson huquqlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha davlat tomonidan tizimli ishlar izchil davom ettirilayotganini ta’kidladi.

photo 03

O‘z navbatida Sara Minkara xonim O‘zbekiston tomonining ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ilg‘or tashabbuslarni ilgari surish va inklyuziv ta’limni joriy etish sohasida ishlarini yuksak baholadi hamda ushbu yo‘nalishda yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Shuningdek, yuqori martabali xonim Buxoroda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qanday identifikatsiya qilinishi, qaysi kriteriylar bo‘yicha hisobga qo‘yilishi va hozirgi kunda ularni turli sohalarda ish olib borishi uchun yaratilgan sharoitlarga oid savollarni ham o‘rtaga tashladi va ularga tegishli javoblarni oldi.

photo 02

AQSh Davlat departamentining xalqaro nogironlik huquqlari bo‘yicha maxsus maslahatchisi shu kuni viloyatga amalga oshirgan tashrifi davomida jurnalist hamda blogerlar bilan ham uchrashuv o‘tkazib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

AQSh Davlat departamentining xalqaro nogironlik huquqlari bo‘yicha maxsus maslahatchisi Sara Minkara bilan intervyu (video)

Shundan so‘ng Minkara xonim va delegatsiya a’zolari Buxoroning terixiy obidalari hamda diqqatga sazovor joylarini ham ziyorat qilishdi va kechqurun Toshkent shahriga uchib ketishdi.

photo 06

13-sentabr kuni esa Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva AQSh prezidentining nogironligi bo‘lgan shaxslarning xalqaro huquqlari bo‘yicha maxsus maslahatchisi Sara Minakara xonim bilan uchrashuv o‘tkazdi.

photo 04

Yuksak ahamiyatli uchrashuvda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy shart-sharoitlarni yaxshilash va bu boradagi ishlarni xalqaro standartlar asosida tashkil etish bo‘yicha hamkorlikdagi rejalarga eʼtibor qaratildi.

Muloqotda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlar “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida tashkil etayotgani alohida taʼkidlandi. Bu boradagi ishlar Minakara xonim tomonidan ham eʼtirof etildi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda inklyuziv jamiyatini rivojlantirish va nogironligi bor shaxslarning barcha sohalardagi faolligini oshirishga doir chora-tadbirlarni muhokama qildi. Shuningdek, nogironlikni oldindan aniqlash hamda korreksiya qilish, tibbiy modeldan inklyuziv modelga o‘tish va sifat darajasini xalqaro standartlarga moslashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari muloqot davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maqbul muhitni yaratish, jamiyatda mavjud stereotiplarni bartaraf etish hamda bu borada davlat va nodavlat tashkilotlarining vazifalari xususida fikr almashildi.

photo 05

Minkara xonim, shuningdek, shu kuni Oʻzbekistondagi fuqarolik jamiyati vakillari bilan ham uchrashdi. Jumladan, Toshkent shahridagi “Sharoit plyus” nogironlar jamoat birlashmasi vakillari bilan. Mazkur uchrashuvda tashkilot raisi Muhabbat Rahimova AQSh prezidentining nogironligi bo‘lgan shaxslarning xalqaro huquqlari bo‘yicha maxsus maslahatchisiga jamiyat tomonidan amalga oshirayotgan ijtimoiy loyihalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuvda AQSh ning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik janoblari, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O‘zbekistondagi vakolatxonasi inklyuziv ta’lim bo‘yicha mutaxassisi Dr. Joel Runnels, bloger Aqida xonim, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov va boshqa mutasaddilar ham ishtirok etishdi.

photo 07

Shu bilan AQSh Davlat departamentining xalqaro nogironlik huquqlari bo‘yicha maxsus maslahatchisi Sara Minkara xonimning mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifi o‘z nihoyasiga yetdi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.