O‘zbekiston

AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonda inson huquqlari to‘g‘risidagi hisobotini e’lon qildi

photo
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Shu munosabat bilan joriy yilning 25-sentabr kuni AQSh ning O‘zbekistondagi elchixonasida 30 ga yaqin media sohasi jurnalistlari va blogerlari uchun brifing tashkil etildi. Buxoroisharif.uz nashri ham mazkur tadbirga taklif etildi.

AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonga taalluqli mazkur hisobotlarni 2001-yildan buyon e’lon qilib kelmoqda. Undagi ma’lumotlar esa AQSh ning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimlarining kuzatuvlari, xalqaro nodavlat tashkilotlar, mahalliy va xorijiy OAV larda e’lon qilingan maqolalar, rasmiy manbalar va fuqarolik jamiyatining boshqa vakillaridan olingan.

Bunday turdagi hisobotlar dunyoning deyarli barcha mamlakatlari uchun mavjud bo‘lib, AQSh Davlat departamenti faqatgina Amerikadagi inson huquqlarining ahvoli haqida hisobot e’lon qilmaydi. Agarda, bunday hisobot taqdim etilsa ham ko‘pchilik undagi ma’lumotlar xolis yoki ishonchli ekanligiga shubha bilan qaragan bo‘lardi. Lekin 300 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladigan “orzular mamalakati” da boshqa nodavlat-notijorat tashkilotlari yillar davomida AQSh da inson huquqlari to‘g‘risida hisobot chop etib kelmoqda. Qolaversa, matbuot va TV da e’lon qilingan jurnalistik surishtiruv natijalariga tayanib, ushbu davlat huquq-tartibot idoralari jinoyat ishi ochishganligi haqida ham xabarlar mavjud.

Tadbirni kirish so‘zi bilan AQSh ning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik janoblari ochib berdi. U so‘zboshisida internet tarmog‘ida bundan avval elchixona tomonidan media vakillari va ijtimoiy faol fuqarolar uchun tashkil etilgan kecha to‘g‘risida tarqalgan mish-mishlar haqida gapirdi. Uni qoralab chiqayotgan mualliflar bunda ma’lum tomonlarning nopok niyatlari uchun qurol vazifasini o‘tayotgan bo‘lishlari mumkinligini e’tirof etdi.

Shunday qilib, sizga bizning siyosatimiz nima ekanligini aytib beray. Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati va elchixonaning O‘zbekistondagi siyosati juda oddiy: bizning siyosatimiz Prezident Mirziyoyevning qarashlari va islohotlar dasturini yanada xavfsizroq qilish, gullab-yashnagan va demokratik yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bizning ikki tomonlama munosabatlarimiz esa hech qachon bugungi kundagidek yaxshi bo‘lmaganligini va kundan-kunga yaxshilanishda davom etayotganini aytishdan juda xursandman. Dunyodagi barcha ikki tomonlama sheriklarimizda bo‘lgani kabi hamkorlik sohalarida ishlashdan tashqari biz ham kelishmovchiliklarni muhokama qilamiz — Jonatan Henik, AQSh ning O‘zbekistondagi elchisi.

photo 02

Shundan so‘ng janob Henik O‘zbekiston uchun jami 4 ta hisobot tayyorlanayotgani va ular inson huquqlari, diniy erkinlik, odam savdosi va bolalar mehnati to‘g‘risida bo‘lishini ta’kidladi.

Janob elchi so‘zining oxirida “Nega biz bu hisobotlarni tayyorlaymiz?” degan savolga ham javob berdi.

Chunki, bu butun dunyo bo‘ylab amalga oshiradigan tashqi siyosatimizning ajralmas qismi. Kongress qonunchiligiga binoan ham AQSh Davlat departamenti har yili ushbu hisobotlarni taqdim etishga majbur. Ushbu hisobotlarni biz o‘zimizni boshqa mamlakatlardan yaxshiroq yoki mukammal deb hisoblaganimiz uchun emas, balki dunyoning har bir mamlakatida inson huquqlari to‘g‘risida axborot berish muhimligi uchun qilamiz — Jonatan Henik, AQSh ning O‘zbekistondagi elchisi.

photo 03

Shundan so‘ng elchining matbuot kotibi Ted Messi va AQSh elchixonasining boshqa mulozimlari yig‘ilganlarning savollariga javob berishdi. Ularni birma-bir keltirib o‘tamiz.

Akbar Yusupov, “Tashkent Times” nashri bosh muharriri: Ichki ishlar organlarida quyi tizimda ishlaydiganlarga yuqorida turuvchilar tomonidan tur xil bosimlar bo‘lishi, ko‘p hollarda tergovchilar va tezkor xodimlar haddan tashqari ko‘p ishlashlari, buning oqibatida gumonlanuvchilarga nisbatan qiynoq qo‘llashlari mumkinligi haqida xabar kelib turadi. Siz e’lon qilgan hisobotda ushbu holatlar ham mavjudmi?

Javob: AQSh Davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan O‘zbekistonda inson huquqlari to‘g‘risidagi hisobotda IIV tomonidan gumonlanuvchi/mahbuslarga nisbatan qiynoq ishlatilish holatlari to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Ularning ayrimlari ochiq manbalardan olingan. Lekin, ichki ishlar organlarida quyi tizimda ishlaydiganlarga nisbatan bosimlar xodimlarning haddan tashqari ko‘p ishlashlari va buning oqibatida stressga tushib, gumonlanuvchilarga nisbatan qiynoq qo‘llashlari mumkinligi haqida ma’lumotga ega emasmiz. Bu – biz uchun yangilik.

Shuni ham qayd etishimiz kerak-ki, maxsus xizmat xodimlari tomonidan qiynoqqa solish amaliyotlari bundan avvalgi yillarga nisbatan sezilarli darajada kamaygan.

Shunday bo‘lsa-da, biz e’lon qilgan materiallar yuzasidan O‘zbekistondagi Ombudsman instituti tergov ochishi haqida xabar qilingan. Ammo tergov yakunlari bo‘yicha AQSh davlat departamentiga ma’lumot berilmaydi.

Fazliddin Mehmonov, Demokrat.uz nashri bosh muharriri: O‘zbekistondagi inson huquqlari bo‘yicha mas’ullar faoliyati ham o‘rganiladimi? Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi, akademik Akmal Saidov faoliyatiga qanday baho bera olasiz?

Javob: Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman instituti O‘zbekistonda nisbatan yangi tashkilot hisoblanadi. Shuning uchun uning yoki ushbu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan mulozimlarga baho berish ko‘proq vaqt talab etadi. Shunday bo‘lsa-da, e’lon qilgan hisobotda bu haqida ham to‘xtalib o‘tishga harakat qildik. Ushbu hisobotlarni o‘qib, savolingizga batafsil javob olishingiz mumkin.

Anora Sodiqova, UzDiplomat.uz nashri bosh muharriri: E’lon qilingan hisobotlarning O‘zbekistonga qanday foydasi bor? Vaziyat o‘zgaradimi? Ular xorijiy investorlarning mamlakatimizdagi loyihalarga mablag‘ ajratishiga ta’sir qiladimi?

Javob: Shubhasiz, Jahon banki va boshqa xorijiy moliyaviy insitutlari vakillari hamda yirik pul donorlari O‘zbekistondagi vaziyatdan xabardor bo‘lib turish uchun ushbu hisobotlarni o‘qishadi va bu kelgusida moliyaviy tashkilotlar, xususiy investorlar tomonidan mamlakatingizga investitsiya kiritilishida, grantlar yoki yirik miqdorda kreditlar ajratilishida muhim rol o‘ynashi mumkin.

Avvallari O‘zbekiston biz olib borayotgan majburiy mehnat indeksida 3-o‘rin (xavotirli) bo‘lgan, hozirda esa ko‘plab boshqa mamlakatlar singari 2-o‘rinni egallagan. Bu albatta, prezident Mirziyoyev boshchiligida mamlakatingiz erishgan yutuqlardan biridir. Bu ham O‘zbekistonga xorijdan investitsiya kirib kelishida yetakchi omillardan hisoblanadi.

Ilyos Safarov, “Vatandosh TV” OAV rahbari: Bunday hisobotlar har yili e’lon qilinadi. Aytingchi, hozirgi kunga kelib, hisobotdagi ko‘rsatkichlarda O‘zbekiston qaysi pozitsiyada turibdi? Yutuqlar bormi? (jurnalist shuningdek, elchixonadagi tashkiliy masalalar xususida ham fikr bildirdi — tahririyat izohi)

Javob: Matbuot va so‘z erkinligi haqida gapiradigan bo‘lsak, hech ikkilanmay ayta olamiz-ki, 2016-yildan boshlab sohada ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Ammo 2022- va 2023-yillarda muayyan mavzularda fikr bildirish — ta’qiqqa uchragan. Ba’zi jurnalist va blogerlar hibsga olingani ham haqiqat. Savolingizga batafsil javobni bizning hisobotlarni o‘qib, bilib olishingiz mumkin.

Sharifa Madrahimova, mustaqil jurnalist: Biz bilamiz-ki, inson huquqlari to‘g‘risida faqat AQSh hisobot taqdim etmaydi. Masalan, o‘tgan yil xuddi shu mavzudagi Germaniya hukumati va AQSh Davlat departamenti e’lon qilgan hisobotlarda bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar bo‘lgan. Bunday vaziyatlarda Sizlar hisobotni o‘zgartirasizlarmi?

Javob: Biz o‘z hisobotlarimizda har bir masala yuzasidan turli xil manbalardan olingan ma’lumotlarga tayanamiz. Boshqa tashkilot yoki davlatlar taqdim qilgan hisobotlar farqlanishi tabiiy hol. Shunday bo‘lsa-da, biz o‘z xulosamizni chiqaramiz.

Shohruh Majidov, Kun.uz nashri jurnalisti: Hisobotda O‘zbekistonda siyosiy raqiblarni jismonan yo‘qotish, o‘zboshimchalik bilan yoki noqonuniy qatl etishlar, jumladan sudsiz qatl etishlar; o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar yoki qamoqqa olishlar mavjud deyilgan. Bu qanchalik to‘g‘ri? Hisobotlar ta’siri qanday bo‘lyapti?

Javob: Bilishimizcha, O‘zbekiston hukumati Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan tergov natijalari haqidagi hisobotni e’lon qilmadi. Shuningdek, bir muddat avval O‘zbekiston – Qirg‘iziston chegarasida ikki zobit xalok bo‘lgani haqida ham biror-bir ma’lumot taqdim etilmadi. Bundan tashqari, IIV tasarrufidagi hibsxona va izolyatorlarda halok bo‘lganlarning aniq soni va boshqa statistika ham mavjud emas. Yuqoridagi va yana bir nechta holatlar bo‘yicha o‘z manbalarimiz bor. Aytib o‘tish kerak-ki, bizning hisbotlar e’lon qilinishidan oldin Vashingtondagi muharrirlarimiz tomonidan tahlil qilinadi. Shundan so‘nggina ular keng omma e’tiboriga havola qilinadi.

Biz har bir mavzuda hisobot yozganimizda, uning oxirida qayd etilgan holatni yaxshilash borasida tavsiyalarni ham berib o‘tamiz hamda bu borada hamkorlikka tayyor ekanligimizni bildiramiz. Bundan tashqari Prezident Mirziyoyev ham ko‘plab chiqishlarida ushbu yo‘nalishdagi islohotlar davom etishini va O‘zbekiston hech qaysisi bo‘yicha ortga qaytmasligini ta’kidlab kelmoqda.

Aqida xonim, bloger, inflyuenser: Aytingchi, mazkur hisobotlarda qaysi yo‘nalishlarda O‘zbekiston hukumati ijobiy o‘zgarishlarga erishgan va/yoki qaysilari AQSh hukumatini xavotirga solmoqda?

Javob: Avval aytilganidek, biz 4 ta hisobot tayyorlaymiz. Bularning birinchisi inson huquqlari to‘g‘risida. Qolaganlari esa diniy erkinlik, odam savdosi va AQSh Mehnat vazirligi tomonidan taqdim etilinadigan bolalar mehnati haqida bo‘ladi. Bulardan faqatgina odam savdosi va majburiy mehnat bo’yicha davlatlar reytingini yuritamiz. Lekin qolgan yo‘nalishlar bo‘yicha ham hisobotlar boshida umumiy baho beriladi. Savolingizga batafsil javobni bizning hisobotlarni o‘qib bilib olishingiz mumkin.

Jasur Hamroyev, Shov-shuv.uz sayti asoschisi, jurnalist: AQSh hukumati o‘z hududidagi inson huquqlari to‘g‘risidagi qaysi mamlakat yoki tashkilotlar e’lon qilgan hisobotlarni tan oladi, o‘qiydi yoki qabul qiladi?

Javob: Savolingiz o‘rinli, albatta. Bizning mamlakatimizda ham bu borada turli tashkilotlar har yili hisobot e’lon qiladi. Ular 100 dan ziyod. Bularga Amnesty International yoki Xitoy hukumati hisobotlarini keltirish mumkin. Amerika xalqi ham ularni o‘qiydi va katta rezonans bo‘ladigan voqealar ustidan jamoatchilik nazorati olib borilishi va tergov o‘tkazilishini talab qiladi. Bundan tashqari yana bir misol keltirib o‘tish mumkin. AQSh hukumati saylovlar vaqtida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) ni taklif qiladi va mazkur tashkilot barcha jabhalarda hisobot olib boradi.

Shuningdek, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati markaziy boshqaruvi raisi Abdurahmon Tashanov ham elchixona rasmiylari oldida so‘zga chiqib, ayni kunlarda jamiyatga nisbatan turli axborot xurujlari va bir nechta OAV larda tuxmatlar berib borilayotgani hamda ular yuzasidan IIV ga ariza berilgani, ochilgan jinoyat ishlari natija olib kelayotgani haqida gapirdi. AQSh ning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillaridan esa ushbu ish doirasida ham xabardorligini oshirishni so‘radi.

Shu bilan AQSh Davlat departamentining O‘zbekistonda inson huquqlari to‘g‘risidagi 2023-yil uchun hisoboti e’lon qilinishiga bag‘ishlangan brifing o‘z nihoyasiga yetdi.

AQSh Davlat departamentining O‘zbekistonda inson huquqlari to‘g‘risidagi 2023-yil uchun hisoboti: Yuklab olish

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.