O‘zbekiston

Endilikda ayrim fuqarolar onlayn kredit olsa ham, uni ishlatish 48 soat cheklanadi

photo
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Bugungi kunda firibgarlar raqamli texnologiyalar vositasida ijtimoiy muhandislik usullarini qo‘llagan holda fuqarolarning nomiga tijorat banklarining mobil ilovalari orqali onlayn kreditlar rasmiylashtirish hamda bank kartasiga tushgan kredit mablag‘larini P2P (bir plastik kartadan boshqa plastik kartaga) o‘tkazmalari orqali noqonuniy o‘zlashtirish holatlari ko‘payib bormoqda.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida firibgarlik yo‘li bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.

Ushbu turdagi firibgarliklarning oldini olish maqsadida bir qator rivojlangan davlatlarning tajribasi o‘rganib chiqildi va onlayn kredit ajratishda firibgarlik holatlarining oldini olish uchun Yevropa Ittifoqi, Avstraliya va Rossiya Federatsiyasida 14 kalendar kunlik, AQSh da 3 kalendar kunlik, Kanadada 2 kalendar kunlik “sovish” davri amaliyoti mavjudligi aniqlandi.

Shu munosabat bilan Markaziy bank kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarga onlayn kredit ajratish jarayonida bank kartalari bilan bog‘liq shubhali frod operatsiyalarining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik tartibni joriy qilmoqda. Mazkur tartib 2024-yilning 1-noyabridan 2025-yilning 1-apreliga qadar amal qiladi.

Unga ko‘ra, endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi.

Ushbu talabning o‘rnatilishi kredit olish bo‘yicha ariza fuqaroning shaxsan o‘zi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga yana bir bor oydinlik kiritish imkonini beradi.

Vaqtinchalik tartibga ko‘ra, kredit tashkilotlari fuqaro kredit olish uchun ariza yuborganidan keyin uning kredit byurolari ma’lumotlar bazasidagi kredit tarixini 2 bosqichda (ariza tushgandan so‘ng hamda kredit mablag‘lari ajratilishidan oldin) tekshirishdan (skoring) o‘tkazadi. Tekshiruv natijasida mijozning salbiy kredit tarixi yoki qarz yuki keskin oshgani aniqlansa, qisqa davr ichida bir nechta kredit rasmiylashtirilgan va qarz yuki keskin oshgan bo‘lsa, kredit ajratish rad etilishi yoki boshqa summada ajratilishi to‘g‘risida xabar beriladi.

Bu esa, firibgarlar aldoviga uchgan fuqarolar nomiga bir nechta kredit tashkilotidan kredit mablag‘lari ajratilishining oldini oladi.

Bundan tashqari, fuqaro kredit tashkiloti mobil ilovasidan yangi ro‘yxatdan o‘tib yoki mavjud akkauntga boshqa qurilmadan kirib, birinchi marta onlayn kredit olganda, mazkur kredit ajratilganidan boshlab 48 soat davomida kredit hisobidan P2P amaliyotlar, jismoniy shaxslar hisobvaraqlari va elektron hamyonlarga o‘tkazmalar, mobil aloqa operatorlari orqali telefon raqami hisobini to‘ldirish, chet elga pul o‘tkazmalari hamda onlayn valyuta ayirboshlash operatsiyalariga cheklovlar o‘rnatilishi belgilanmoqda.

Mazkur cheklovlarni yechish uchun mijoz 48 soat ichida kredit tashkiloti tomonidan yuborilgan SMS-xabarda qayd etilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, kreditni firibgarlar ta’sirisiz olganligini ma’lum qiladi, kredit tashkiloti xodimi esa mijozga qayta bog‘lanib, berilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirib, qo‘shimcha tasdiqdan o‘tkazadi.

Yuqorida qayd etilgan cheklovlar ajratilgan kredit mablag‘larini fuqaro o‘z ixtiyoriga ko‘ra naqdlashtirishiga yoki tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish kabi operatsiyalariga ta’sir ko‘rsatmaydi va bu operatsiyalar hech bir cheklovlarsiz amalga oshirilishi mumkin.

Kredit mablag‘lari fuqaroning bank kartasiga o‘tkazilgandan keyin pul mablag‘lari sarflanmagan bo‘lsa, 48 soat ichida kredit olishga ariza mijoz tomonidan firibgarlar ta’sirida berilgani aniqlansa yoki mijoz qo‘shimcha tasdiqdan o‘tishni amalga oshirmasa, kredit shartnomasi kredit tashkiloti tomonidan bekor qilinadi va ajratilgan pul mablag‘lari kredit tashkiloti hisobiga qaytariladi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.