Islom

Mo‘minning darajasini ko‘taruvchi amal haqida bilasizmi?

photo

Loading

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Afv qilmog‘ingiz, ko‘ngilni keng tutmog‘ingiz va kechirmog‘ingiz yaxshidur. Albatta, Alloh kechiruvchi va rahmlidur” (Tag‘obun, 14).

Yaratgan ko‘ngilni keng tutish, kechirimli bo‘lishga buyurmoqda. Zero, Uning o‘zi kechirimli Zot. Banda o‘z fitratidan kelib chiqib, bilib-bilmay xato qilishi, gunoh ishlarga qo‘l urishi mumkin. Agar u tavba qilsa, gunohi kafforatiga savob amallarini ko‘paytirsa, Parvardigor kechiradi. “Yaxshi axloqlarni mukammal qilishga” yuborilgan Payg‘ambarimiz alayhis salom: “Allohning xulqlari bilan xulqlaninglar”, deya marhamat qiladilar va tinimsiz ravishda insonlarni rahmdil bo‘lishga, bir-biriga kenglik qilishga chaqiradilar. Arazlashib qolishgan taqdirda esa, uch kundan o‘tmasligini qayta-qayta ta’kidlaganlar.

“Musulmon kishining boshqa bir musulmondan aloqani uch kundan ortiq uzib, arazlab yurishi halol emas. Agar shunday davom etsa, ikkisi ham Yaratganning rahmatidan mahrum bo‘ladi, ularning qay biri yarashish tomon birinchi qadamni qo‘yar ekan, avvalo o‘shaning gunohi kechiriladi”, deya marhamat qilganlar.

Naql qilishlaricha, Abdulloh ibn Muborakka bir safarda badxulq kishi hamroh bo‘libdi. Hazrat yo‘l davomida uning yarashmagan qiliqlariga chidabdi, ba’zi ishlarini kechirib, qattiq gapirmay, aksincha, unga ta’sir o‘tkazishga intilibdi. Yo‘llari ayrilgach esa, yig‘labdi. Sababini so‘rashsa: “Unga rahmim kelyapti. Men undan ajraldim, ammo uning yomon xulqi o‘zi bilan ketdi, undan ajralmadi”, degan ekan. Alloma safardoshi aziyatlaridan shikoyat qilmayapti, kechirimli bo‘lib va uni yo‘lga sololmagani uchun o‘zini ayblayapti, iztirob chekyapti.

Ma’naviyatli inson, albatta, tarbiyachi ham bo‘lishi lozim. Chunki tom ma’nodagi tarbiyali odam nafaqat o‘zi va oila a’zolarini o‘ylaydi, balki qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y, vatandoshlari uchun ham qayg‘uradi. Aks holda, uning barcha fazilatlarini birgina loqaydligi, atrofga befarqligi yuvib ketadi.

Bahouddin Naqshband hazratlari: “Yaxshilarni hammayam do‘st tutadi. Lekin yomonlarni do‘st tutish, ularni to‘g‘ri yo‘lga solish, mardlarning ishidir”, deganlar.

Yaratganning nazdida eng nomatlub amal mo‘minlarning bir-biriga o‘zaro xusumat, gina-adovatda bo‘lishi sanalsa, silai rahm, bag‘rikenglik, ahillikka, murosai-madoraga intilish go‘zal fazilatlardan hisoblanadi.
Uboda ibn Somit rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz alayhis salom sahobalarga: “Men sizlarga Alloh bandasining darajasini nima tufayli balandga ko‘tarishini aytaymi?”, – dedilar. Sahobalar: “Ha, ayting” – deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhis salom: “Senga jahl qilganga muloyim bo‘lsang, zulm qilganni afv qilsang, seni mahrum qilganga in’om qilsang, sendan aloqani uzgan bilan aloqani bog‘lasang” – deb marhamat qildilar.

Alloh taolo Qur’onda marhamat qiladi:
“Albatta, kim (o‘ziga yetgan ozor-aziyatlarga) sabr qilsa va (o‘ch olmay Alloh uchun) kechirib yuborsa, shak-shubhasiz, bu (ish) ishlarning maqsadga muvofig‘idir” (Sho‘ro, 43).

Yaratgan kechirimli Zot, Payg‘ambarimiz alayhis salom kechirimli zot, o‘tmish allomalarimizning qay birlarini olib qaramang, hammalari bag‘rikeng insonlar bo‘lishgan.

Shunday ekan, biz o‘z hayotimizda bag‘rikenglikni shior qilib, oilamizdagilar va yon-atrofimizdagilar bilan silai rahmda bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham ana shunday olijanoblik, yuksak ma’naviyat egalari qilib tarbiyalashga intilmog‘imiz lozim.

Zero, odam bolasi Parvardigor yaratgan olamni yanada obod qilishga, yer yuzida hayot bardavomligini ta’minlashga buyurilgan. Aslo, nizoyu adovat, urushu buzg‘unchiliklarga emas…

G‘olib domla Murotov, Romitan tumanidagi “Xokimullomir” jome’ masjidi imom-xatibi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.