Buxoro yangiliklari
Buxorodan olisda: Qorovulbozorda Navro‘z shodiyonalari
Xalqimizning ezgu qadriyatlari, oliyjanob orzu-intilishlarini oʻzida mujassam etgan Navroʻz bayrami mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. Bu qutlugʻ ayyom insonning tabiat bilan uzviyligi, xalqimizning mehr-oqibat, hamjihatlik, bagʻrikenglik va bunyodkorlik kabi bebaho xislatlarini oʻzida ifodalaydi.
Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan viloyatning kenja tumani Qorovulbozorda ham xalq sayli, tantanali tadbir tashkil qilindi. Kuni kecha tumandagi “Yoshlar bogʻi” har qachongidan gavjum boʻldi. Unda mahalla va qishloqlar aholisi, korxona, tashkilot, idora va muassasalar, fermer xoʻjaliklari mehnat jamoalari milliy uslubda bezatilgan pavilyonlarda xalqimiz uchun dasturxon yozib, bahor shodiyonasini nishonladilar.
Ochigʻi, bir paytlar Qorovulbozor deganda koʻpchilikning koʻz oldiga choʻl, saksovul va barxanlardan iborat tepaliklar kelgan hududda bugun yirik sanoatchilar shahri, dala-dehqonchilik ishlarida peshqadam gʻallakor va paxtakorlar tumani barpo boʻlgani, hudud har sohada tubdan oʻzgarib, yangilanib, obod boʻlib borayotgani quvonarli, albatta.
Tinchlik, Navbahor, Boʻzachi, Boʻston, Imom-Buxoriy, Jarqoq, Choʻlquvar kabi 7 ta mahallani oʻz ichiga olgan Qorovulbozorda bugunga kelib xonadon soni 4 ming 636 taga, oila soni 5 ming 394 taga va ularda istiqomat qilayotgan aholi soni esa 20 ming nafardan oshayotgani hudud gavjumlashayotgani, odamlar turmush darajasi oshayotgani dalolati. Olis choʻlquvarlar tumanida istiqomat qilayotgan aholining 14 mingdan oshigʻini oʻzbeklar, qolganini qozoq, turkman, rus, tojik, tatar va boshqa millat vakillari tashkil etmoqda. Hududda ishlab chiqarish va sanoat bilan birgalikda qishloq xoʻjaligida ham rivojlanishning yangi bosqichga chiqqanligini koʻrishimiz mumkin. Ayni kunda choʻlquvarlar zaminida paxtachilik va gʻallachilikda band boʻlgan 160 tadan oshiq fermer xoʻjaligi ish yuritmoqda. Mamlakat iqtisodiyotiga munosib ulush qoʻshayotgan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi faoliyati xususida ortiqcha taʼrifga hojat yoʻq.

Olis choʻlquvarlar tumani markazining yirik va aholi nisbatan koʻp istiqomat qilayotgan “Tinchlik” MFY ni olsak, bugunga kelib 1 ming 388 ta oila, 1 200 dan oshiq xonadonda jami 5 ming 800 ga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. Soʻnggi uch yilda “Obod mahalla” davlat dasturi asosida Ulugʻbek, Tinchlik, Behzod, Alisher Navoiy, Alpomish, Nurobod kabi 10 ta koʻcha qayta chiroy ochib, ularda mavjud muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari risoladagidek koʻrinishga keltirilgan. Aynan “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida mahallaning Jambul, Nurobod, Bobur, Navroʻz koʻchalarida istiqomat qilayotgan 3 mingdan ortiq aholisi uchun 8 kilometr masofaga ichimlik suvi tarmogʻi tortilgan boʻlib, hozirda aholi isteʼmolga yaroqli suvdan bahramand boʻlmoqda. Xuddi shu kabi xayrli tadbirlar barcha mahalla va qishloqda amalga oshirilib, odamlar turmush sifati yaxshilanayotganini koʻrish mumkin.
Navroʻz tantanasiga qaytsak, pavilyonlarda milliy taomlarimizdan halim sumalaklar tayyorlanib, yana turfa bahor taomlari, shirinlik va noz-neʼmatlarga toʻkin dasturxon atrofida suhbatu gurunglar avj oldi. Bir tomonda esa sport oʻyinlari, milliy kurash, arqon tortishishi, shaxmat-shashka bahslari, stol tennisi kabi oʻyinlar tashkil etilib, ularda 200 dan ortiq yoshlar ishtirok etishdi. Sayl dorboz va polvonlarning ajoyib chiqishlari bilan davom etdi.
Albatta, bayram tantanasida tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, mehmonlar choʻlquvarlar tumani aholisini bahor ayyomi—Navroʻzi olam bilan samimiy muborakbod etdilar.
Tuman madaniyat boʻlimi hamda musiqa va sanʼat maktabi jamoasi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi, shuningdek, tadbir mehmoni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Yahyobek Moʻminov tomonidan ijro qilingan diltortar qoʻshiqlar barchaga bayramoni kayfiyat ulashdi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


