O‘zbekiston

Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta Buxoroga tashrif buyurdi

photo 01
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Maʼlumki, joriy yilning 3-4-aprel kunlari Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti boʻlib oʻtadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtadigan mazkur sammit ishida qatnashish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta bugun, 2-aprel kuni O’zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamrohligida Buxoroga keldi.

Oliy martabali mehmonni Buxoro temiryoʻl vokzalida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov va boshqa mutasaddilar kutib oldi.

Tashrif dasturiga muvofiq Yevropa kengashi Prezidenti Buxoroning tarixiy-madaniy yodgorliklari bilan yaqindan tanishadi, qadamjolarni ziyorat qiladi.

Tarixiy manbalarga ko‘ra Ismoil Somoniy maqbarasi o‘rta asrlarning rivojlangan davrida (IX-X asr), 864-868-yillar oralig‘ida qurilgan. Buxoro Markaziy istirohat bog‘i ichida joylashgan mazkur me’moriy obida Yevropa kengashi rahbarining ilk tashrif manzili bo‘ldi.

photo 02

Martabali mehmonga maqbaraning tarixi, bu erda so’nggi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik, ta’mirlash-tiklash ishlari haqida batafsil so’zlab berildi.

Antoniu Koshta mamlakatimizda madaniy merosni asrab-avaylash ishlariga yuqori baho berdi. Bunda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni e’tirof etdi hamda maqbarani hayrat va havas bilan tomosha qildi.

Ma’lumot o‘rnida: 1997-yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Ismoil Somoniy maqbarai qayta ta’mirdan chiqqan va YUNESKO tashkilotining Butunjahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan. 1993-yilda esa «Butunjahon madaniy meroslari ro‘yxati»ga ham olingan.

Ark — Oʻrta Osiyo koʻhna shaharlaridagi hukmdorlar qarorgohi joylashgan qalʼaband oʻrda. Yozma tarixiy manbalarda koʻhandiz, diz, koh, qasr, qalʼa, hisor nomlari bilan ham tilga olinadi. Tabiiy baland tepa yoki maxsus yaratilgan baland doʻnglik ustiga qurilib, atrofi baland devor bilan oʻralgan, bir yoki ikki darvozasi boʻlgan. Ark ichida podshoh va amirlarning, amaldor va lashkarboshilarning uy-joylari, davlat devonlari, zarbxona, masjid, sardoba va binolar boʻlgan. Ark qoʻrgʻoni bilan tanishuv chogʻida Yevropa kengashi Prezidentiga ana shular haqida soʻzlab berildi.

Qal’adagi o’ziga xos sayohat Antoniu Koshtada katta taassurot qoldirdi.

photo 03

Poyi-Kalon Buxoroning eng ko‘zga ko‘ringan tarixiy qadamjolaridan sanalib, nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning eng diqqatga sazovor joylaridan biridir.

Poyi-Kalon me’moriy ansambli Mir Arab madrasasi, Minorai Kalon va shu nomdagi masjiddan iborat bo‘lib, kompleks tarkibiga kirgan binolar XII–XVI asrlarda qurilgan.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Poyi-Kalon “Kattaning poyi” degan ma’noni anglatadi. Poyi-Kalon Minorai Kalon etagida joylashganligi bois unga shunday nom berilgan. Minorai Kalon esa 1127-yilda Arslonxon tomonidan qurilgan va bugungi kungacha saqlanib qolgan.

Ansambl tarixi haqida Antoniu Koshtada batafsil ma’lumot berildi.

Tarixiy va me’moriy obidalar oliy martabali mehmonda katta qiziqish va hayrat uyg’otdi.

Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta Buxoroga tashrifi chog‘ida Buxoro gilamchilik markazida ham bo‘ldi.

Martabali mehmon bu yerda ipakdan to‘qilayotgan turli hajmdagi gilamlarning to‘qilish jarayonini kuzatdi va gilamdo‘zlarning qo‘l mehnati bilan yaralayotgan mehnat mahsulidan hayratda ekanini yashirmadi.

— Qoyil qolmasdan iloj yo‘q. Nafis va go‘zal gilamlarning to‘qilish jarayonini kuzatish kishiga zavq bag‘ishlaydi. Hayratdaman, – deydi Yevropa kengashi Prezidenti.

Shuningdek, Yevropa kengashi Prezidenti Labi Hovuz ansamblida ham bo‘ldi. Ansambl kompozisiyasi, bu yerdagi sayyohlar bilan jo‘shqin manzara Antoniu Koshtaning hayratini yanada oshirdi. Ayniqsa, qo‘g‘irchoqlar raqsi, Nasriddin Afandi siymosi gavdalantirilgan haykal tarixi unda katta taassurot qoldirdi.

photo 04

Shuning bilan Yevropa kengashi Prezidentining Buxoroga tashrifi yakunlandi. Mehmonlar Buxoro temiryo‘l vokzali orqali Samarqandga jo‘nab ketishdi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.